TOShKENT, 19-may — Sputnik. Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan Isfandiyor Mahmudov o‘z tengdoshlari orasida o‘tkazilgan Sea Sun festival xalqaro yosh musiqachilar tanlovida birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda "Samarkandskiy vestnik" nashri.
Mashhur bastakorlarning asarlarini gitara yordamida zo‘r mahorat bilan ijro etgan sakkiz yashar Isfandiyor, tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
"Eng yosh ishtirokchi sifatida Isfandiyor qo‘lga kiritgan ushbu yutuq nafaqat biz, balki u tahsil olayotgan 23-umumta’lim maktabi jamoasi, ota-onasi, tengdoshlari ko‘ngliga faxr-iftixor tuyg‘ularini singdirdi", — deydi Bulung‘ur tumanidagi 9-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Sherbek Yormatov.
Festivalda dunyoning 13 mamlakatidan 300 nafarga yaqin yosh musiqachilar o‘z mahoratlarini namoyish etganlar.