TOShKENT, 18-may — Sputnik. Moskvalik rassom Irina Dolgix O‘zbekistonda o‘zining "Buxoroning 60 vakili" loyihasini hayotga tatbiq etmoqda. Ushbu loyiha doirasida Irina 60 kun ichida 60 nafar buxorolik portretini chizadi. Natijalar kuniga Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilinmoqda.
Zamonaviy san’at instituti bitiruvchisi Irinaning tan olishicha, u Buxoroga bir necha bor tashrif buyurgan. Ko‘xna shahar qizga shu qadar yoqib qolganki, mana u yarim yildan buyon shu yerda yashab, shahar tarixi haqida so‘zlashning o‘ziga xos uslubini o‘ylab topdi.
"Loyiha mazmuni shundaki: 60 kun ichida milliy liboslarda 60 buxorolik portretini qog‘ozga tushiraman", — deb hikoya qiladi rassom.
Loyiha 1-apreldan boshlab ishga tushgan. Irina shu kunga qadar 43 nafar buxorolikning portretini chizishga muvaffaq bo‘lgan. Eng qizig‘i, rassom surat chizish bilan cheklanib qolmay, balki, har bir qahramonidan uning shahardagi hayoti, oilasi, eng qiziqarli va muhim xotiralari haqida so‘rab, shular asosida hikoyalar yozib bormoqda. Shu tarzda, internet tarmog‘ida e’lon qilingan har bir surat Buxoroda odamlar qanday yashashlari haqida so‘zlovchi hikoyalar bilan joylashtirilmoqda.