“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati — O‘zbekiston yoshlarining ixtiyoriylik asosida vujudga kelgan harakati. 2001-yil 24-aprelda bo‘lib o‘tgan ta’sis qurultoyi qarori bilan tashkil topgan. “Kamolot” o‘zini o‘zi boshqaradigan nodavlat notijorat tashkilot.
Harakatga uning dasturiy maqsad va vazifalarini hamda nizom talablarini tan oladigan, ularni amalga oshirish yo‘lida faol harakat qiladigan, Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilish va kurashishni o‘zi uchun hayotiy e’tiqod deb biladigan, o‘qishda, mehnatda, harbiy xizmatda, jamoatchilik ishlarida boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan, jinsi, irqi, millati, tili, dini, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar a’zo bo‘lishi mumkin.
Harakatining negizi boshlang‘ich tashkilotlar bo‘lib, ular mamlakatdagi barcha o‘quv muassasalari, qurolli kuchlar, huquqtartibot organlari tizimlarida yoshlarning xohish-irodasiga asosan tuziladi. Har bir boshlang‘ich tashkilotda uning 1-yilda 1-marta o‘tkaziladigan Umumiy xisobot yig‘ilishida ko‘pchilik ovoz bilan saylanadigan Yetakchi bo‘ladi. Harakatning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Qoraqalpoqg‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman, shahar bo‘limlari bor.