TOShKENT, 17-may — Sputnik. Milliy kinologiya markazida itlarga valyutalarni izlab topish o‘rgatilmoqda, deb xabar qilgan "Darakchi" nashri.
Joriy yilda tashkil qilinganiga 20-yil to‘lgan Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida itlarni o‘rgatish bo‘yicha 6 spetsifikatsiya mavjud: narkotik va portlovchi moddalarni, qurol va o‘q-dorilarni izlab topish, izlash-qutqarish, himoya qilish-qorovullik va izlarni qidirish xizmati, «Antiterror» xizmati.
Shuningdek, «itbop» ixtisosliklar ro‘yxatiga pul kupuralari (valyutalar)ni izlashni kiritish ustida ishlar olib borilmoqda, deyilgan xabar matnida.
Markazda maxsus trenajorlar va sinfxonalar, qariyb 600 kv.metr maydonga ega bo‘lgan usti yopiq o‘quv-dressirovkalash paviloni, usti ochiq o‘quv — dressirovkalash majmuasi, yuk va yengil avtomashinalar, avtobuslar, temir yo‘l vagoni, samolyot va teploxodning o‘quv maketlari qo‘yilgan maydonchalar, shuningdek o‘xshatib qurilgan aeromajmualar mavjudligi aytib o‘tilgan.