TOShKENT, 16-may — Sputnik. Terini qayta ishlash va poyabzallar ishlab chiqarish korxonalarini birlashtiruvchi "O‘zbekcharmpoyabzali" birlashmasi joriy yilda chet elda o‘zining 12 ta savdo uyini ochishni rejalashtirmoqda, deb xabar qildi Sputnik muxbiriga tashkilotdagi manba.
Bu yo‘nalishda yetakchilikni Moskva egallashi kutilmoqda: Rossiya poytaxtida xuddi shunday beshta obyektlar paydo bo‘lishi rejaga kiritilgan.
2016 yilning uchinchi kvartalida Moskvada uchta poyabzal savdo uylari o‘z ishini boshlaydi, ulardan ikkitasi oyoq kiyim savdosiga ixtisoslashtirilgan bo‘lsa, uchinchi savdo uyida o‘zbek ishlab-chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlar megaekspozitsiya markaziga aylanishi kutilmoqda. Yil yakuniga kelib yana ikkita savdo uyiga asos solinadi, ulardan bittasi sport yo‘nalishidagi poyabzallarni ilgari surish bilan shug‘ullanadi.
"O‘zbekiston uchun eksport bozorinining asosiy qismi, ya’ni 39%ni Xitoy egallagan, Rossiya esa 12% ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Ammo Rossiya bozorining ustunligi shundaki, bu yerda tayyor mahsulotlar savdosi birinchi o‘rinda turadi. Xitoyliklar esa, asosan xom-ashyo va polufabrikatlar xarid qiladi. Rossiyada yurtmizda ishlab chiqarilgan erkaklar poyabzali anchagina mashhur. Shu yildan e’tiboran, bolalar oyoq kiyimlari savdosi ham yo‘lga qo‘yilgan va ularga talab ortib bormoqda", — deb qayd etdi agentlikka manba.
Rossiyadan tashqari, Qozog‘istonda ham 4ta shunday savdo uylari ochiladi. So‘ngra, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoyda bittadan savdo uyi tashkil etiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil birinchi choragida o‘zbek charm-poyabzal korxonalari 22,3 million dollarlik mahsulot eksport qilishga muvaffaq bo‘lishgan. Bu o‘tgan yilgi shu davrga nisbatan 4,3% ko‘p demakdir. Umuman, bu yil uyushma 190 mln dollargacha mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqda.
2020 yilga kelib esa, eksport geografiyasi kengayib, 16ta mamlakatni tashkil etadi. Joriy yilda 11 ta mamlakat bilan mahsulot yetkazib berish borasida shartnomalar imzolangan.