TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 13-maydagi farmoniga binoan Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etiladi, nuz.uz xabari asosida.
Hujjatda qayd qilinishicha, universitetni tashkil etish bilan bog‘liq qaror o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog‘liq masalalarni chuqur o‘rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlarida o‘zbek tili va adabiyoti fanini o‘qitish, shuningdek, ushbu soha bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish bilan bog‘liqdir.
Yangi oliygoh Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida tashkil etilmoqda.
Universitet tarkibida 3 ta fakultet: o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari. Bundan tashqari, oliygoh tarkibida O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o‘tkazilib, uning negizida O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etiladi.
Universitet o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlab beradi, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, ayni shu yo‘nalishlarda ilmiy va o‘quv-metodik materiallar tayyorlab beradi.
Yangi universitetda o‘quv jarayoni 2016/2017 o‘quv yilidan boshlab tashkil etiladi.
Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish rejalashtirilgan.