O‘zbekistonda Coca-Cola may oxirida savdo rastalariga qaytadi

Obuna bo‘lish
Toshkentdagi korxonada ishlab chiqarish jarayoni 25-mayda to‘liq tiklanadi.

TOShKENT, 14-may — Sputnik. May oyi oxirida Coca-Cola Toshkent va O‘zbekiston regionlaridagi savdo rastalariga qaytadi, dedi ishonch bilan Sputnik muxbiriga poytaxtdagi Coca-Cola ishlab chiqaradigan zavoddagi manba.

Manbaning ta’kidlashicha, yozgi mavsumga tayyorgarlik hamda zavoddagi uskunalarning modernizatsiya qilinishi tufayli, ushbu ichimlikni ishlab chiqarish vaqtincha to‘xtatilgan.

Korxonada ishlab chiqarish jarayoni 25-mayda to‘liq tiklanishi va’da qilinmoqda.

"Hozirda zavodimizda investitsiya dasturini hayotga tatbiq etish bo‘yicha katta ishlar boshlab yuborilgan. So‘nggi ikki oy davomida biz shu ishga tayyorgarlik olib bordik. Germaniyaning Krones kompaniyasi bizga 17 dona jihozlangan katta mashinalarni yetkazib berdi. Modernizatsiya jarayonidan so‘ng korxonaning ishlab-chiqarish quvvati 1,5 barobarga ortadi. Bu ishlarning barchasi "qaynoq" mavsum oldidan o‘tkazilmoqda. Sababi, yilning issiq mavsumida, jazirama kunlarda biz ishlab chiqaradigan mahsulotga talab bir necha barobarga ortadi. Biz esa ishlab chiqarish jarayonida to‘xtashlar bo‘lmasligini ta’minlashimiz darkor", — deb o‘rtoqlashdi suhbatdosh.

Manba shuningdek, mavjud qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekistonda Coca-Cola ichimligini ishlab chiqarish to‘xtatilmaganini ta’kidladi: hozirda ichimlik faqat shisha idishlarga quyilmoqda.

Coca-Cola kompaniyasi 2016-2019-yillarda O‘zbekistondagi zavodlarini rivojlantirishga 35 million dollar ajratishni rejalashtirgan. Bugungi kunda Coca-Cola ichimligi ishlab chiqariladigan zavodlar Toshkent, Urganch va Namanganda ishlab turibdi. Ushbu zavodlarda 6 xildagi ichimliklar ishlab chiqarilmoqda.

Yangiliklar lentasi
0