TOShKENT, 10-may — Sputnik, Aleksandr Shishlo. Brussel va Anqara o‘rtasida 13-may sanasiga belgilangan oliy darajadagi uchrashuv bekor qilindi. Uchrashuv kun tartibidan Anqaraning YeIga a’zo bo‘lish jarayoni hamda viza tartibini erkinlashtirish masalalari o‘rin olgan edi, deb xabar qildi Mayya Kosyanchich. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Kosyanchichning so‘zlariga qaraganda, Brusselda o‘tkazilishi kutilgan uchrashuv ikkala tomon xohishiga ko‘ra, keyinga qoldiriilgan. Uchrashuv bekor qilinishi sababi esa hozircha aytilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta chorshanba kuni, Yevrokomissiya Yevroparlament va YeI Kengashiga, Anqara iyun oyi oxiriga qadar beshta shartni bajarsa, Turkiya fuqarolari uchun viza tartibiga oid cheklovlarni bekor qilish taklifini kiritgan edi.
Bajarilishi kerak bo‘lgan shartlar sirasiga mamlakatda korrupsiyaning yo‘q qilinishi, Yevropol bilan tezkor ravishda bitim tuzish muzokaralarini o‘tkazishi, YeI tarkibiga kiruvchi barcha mamlakatlar bilan sud hamkorligini yo‘lga qo‘yishi, shuningdek, ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha qoidalarni YeI standartlariga muvofiqlashtirish kabi talablar kiritilgan edi.
Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on Yevrokomissiyaning bu pozitsiyasini qattiq tanqid ostiga oldi va Anqara terrorchilikka qarshi qonunlarga o‘zgartirish kiritmasligini ma’lum qildi.
“Kechirasiz, lekin biz o‘z yo‘limizda ketapmiz, sizlar o‘z yo‘lingizdan boravering”, — deb ta’kidladi Turkiya rahbari.
Viza tartibini erkinlashtirish – Anqara va Brussel o‘rtasida mart oyida qochqinlar borasida tuzilgan kelishuvning bir qismidir. Yevropaga yo‘l ochilishi uchun Anqara Yevropa Ittifoqining 72ta shartini bajarishi lozim.