TOShKENT, 9-may — Sputnik. 9-may – “Xotira va qadrlash” kuni munosabati bilan bugun Toshkent viloyati bo‘ylab “Veteranlarni qutlaymiz” xayriya aksiyasi start oldi. Tadbir tashabbuskorlari Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" va "Voditeli Tashkenta — Drivers.uz" guruhlari a’zolari. Aksiya doirasida 8 million so‘m mablag‘ to‘plangan, bu mablag‘larga Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari uchun oziq-ovqat to‘plamlari xarid qilindi. Veteranlarni qutlash uchun bugun ertalab, “Rohat” krugidan 50dan ziyod avtomobillar o‘nlab yo‘nalish bo‘yicha yo‘lga chiqdi.
"Har bir veteranni 2 kg un, guruch, shakar, grechka, manka uni, ikki pachka makaron, quyultirilgan sut, pechenye, choy, va, albatta, gul hamda tabrik otkritkasi solingan bayram paketi bilan tabriklashni rejalashtirganmiz. Oziq-ovqat mahsulotlarining kattagina qismi mahalliy tadbirkorlar tomonidan yetkazib berildi. Odamlarning o‘zlari shunday tashabbus bilan chiqishdi, hech kim majburlagani yo‘q, volonterlar yordam berish bilan bir qatorda, o‘z g‘oyalarini taklif qildilar”, — deb xabar qildi Sputnik muxbiriga aksiya tashabbuskorlaridan biri.
"Juda ko‘p inson ushbu xayriya aksiyasida ishtirok etish istagini bildirdi. Mablag‘larning ortib qolgan qismini yana bitta shunday aksiya uchun sarflashga qaror qildik. Biz veteranlarning holidan xabar olish bilan cheklanmoqchi emasmiz, ular orasida kam ta’minlanganlarini doimiy qaramog‘imizga olmoqchimiz. Bu borada bizga mahalliy tadbirkorlar yordam beradi, ularning o‘zlari shunday taklif bilan chiqishdi”, — dedi suhbatdosh.
Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi arafasida O‘zbekiston aholisi soni 6,5 million kishini tashkil qilgan, shulardan 1,5 millioni fashizmga qarshi kurashda ishtirok etgan. 500 mingdan ortiq o‘zbekistonlik urush maydonida halok bo‘lgan, ko‘pchilik bedarak yo‘qolgan, majruh bo‘lib qaytib kelgan. 338 nafar vatandoshimiz sobiq Ittifoq Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan, 82 jangchi Shuhrat Ordeni kavaleri unvonini olgan.