TOShKENT, 7-may — Sputnik. Savdo-sanoat palatasi BMT rivojlanish dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bitiruvchilarni ishga joylashning yangi mexanizmi — kasbiy malaka haqidagi ixtiyoriy sertifikat joriy etilishini taklif qilishmoqda.
Ushbu hujjat mutaxassislik bo‘yicha qo‘shimcha imtihon topshirilgandan so‘ng beriladi. Ya’ni, kollej yoki oliygoh bitiruvchilari oxirgi o‘quv yilida ixtiyoriy ravishda, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shimcha imtihon topshirib, shunday sertifikatga ega bo‘lishlari mumkin.
"Bu sertifikat orqali ish beruvchi bitiruvchining amaliy malakasi va ko‘nikmalari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘ladi. Sertifikat – bo‘lg‘usi ishchi zaruriy amaliy bilimga egaligi haqida dalolat beruvchi o‘ziga xos kafolatnoma sifatida qo‘llaniladi”, deya ta’kidlashdi Sputnik muxbiriga savdo-sanoat palatasida.
Poraxo‘rlik holatlari vujudga kelmasligi uchun, ekspertlar, imtihon davlat sektorlari va biznesning beg‘araz vakillaridan iborat mustaqil komissiya tomonidan tuzilishi lozim, deya taklif kiritishdi. Imtihon qabul qiluvchilar bitiruvchilarning kasbiga yaqin yo‘nalishga qarab tanlanadi.
Bunday hujjat — yoshlarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha real bilim olishlariga ilhomlantiradi, degan umiddamiz.