TOShKENT, 29 apr — Sputnik. To‘rt yoshli qizaloqni o‘ldirganlikda ayblanayotgan “qotil enaga” Gulchehra Boboqulova uzoq vaqt davom etgan uyqusizlik tufayli Samarqandda ruhiy kasalxonada ro‘yxatda turganini aytdi.
“Ha, men ro‘yxatda turganman, Samarqandda. To‘rt oy davomida umuman uxlamaganman. Kasalxonada ikki hafta yotganman. Ular “bu bizning kasallik emas” deyishgan”, — dedi Boboqulova.
Unga qo‘yilgan tashxisni eslay olmadi. Faqat “dori berishgan” va “uch kun Qur’on o‘qishgan”ini esladi, xolos.
Yaqinda Gulchehra Boboqulova Moskvadagi Serbskiy institutida ruhiy tekshiruvdan o‘tgan edi. Ushbu tekshiruv natijasi hali e’lon qilingani yo‘q. Tekshiruvdan keyin Boboqulova Butirka qamoqxonasidagi ruhiy kasalxonaga qaytarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Moskvada mart oyining boshida vahshiy qotillik sodir bo‘lgan edi. Xonadonlarning birida enaga bo‘lib ishlaydigan Gulchehra Boboqulova o‘z qaramog‘ida bo‘lgan to‘rt yoshli qizchani o‘ldirib, xonadonga o‘t qo‘yib ko‘chaga chiqib ketgan.
Ko‘chada Boboqulova o‘ldirilgan qizaloqning kesib olingan boshini ko‘tarib o‘z-o‘ziga gapirib yurgan. Uni tutmoqchi bo‘lgan politsiya xodimlariga o‘zini portlatib yuborishi mumkinligini aytgan.
Ushbu jinoyat tafsilotlari Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan o‘rganilmoqda. TQ fikriga ko‘ra Boboqulovani kimdir gij-gijlagan bo‘lishi mumkin. U bilan birga yashagan kishilardan biri uni “islom ekstremistik g‘oyalari” bilan “zaharlagan” bo‘lishi mumkin.