TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Suriya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hududiga AQShning 150 nafar harbiysi kirib kelgani haqidagi xabarni havotir ila qarshi olib, ushbu harakatni mamlakat suverenitetiga dahl qilish sifatida baholadi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
"Suriyaning Rumeyla tumaniga 150 nafar Amerika harbiylarining kirib kelishini havotir bilan qarshi oldik. Suriya Arab Respublikasi bu agressiv harakatga o‘z noroziligini bildirib, uni Suriya suverenitetini buzish va xavfli bosqinchilik sifatida baholaydi”, deya iqtibos keltiradi agentlik TIV vakili bayonotidan.
Sal oldin Suriyadagi qurdlar vakili Sputnik agentligiga qurdlar nazoratida bo‘lgan Rumeyla shahriga 150 nafar Amerika harbiy askarlari kirib kelgani haqida xabar qilgan edi. Manbaning aytishicha, ular orasida instruktorlar va maxsus xizmat vakillari ham bor. Manba shuningdek, qurd kuchlari ularni o‘z himoyasiga olganini ma’lum qildi.
Bundan sal oldin AQSh prezidenti Barak Obama mahalliy ittifoqdoshlarga “Islom davlati” terrorchilik uyushmasiga qarshi kurashda yordam tariqasida qo‘shimcha 250 nafar amerikalik harbiy askarlarini yuborilishi haqida xabar qilgan edi. Obamaning so‘zlariga qaraganda, amerikalik harbiylar janglarda ishtirok etmaydi, balki mahalliy askarlarni o‘qitish bilan shug‘ullanadi. Yaqinga qadar Suriyadagi Amerika harbiylari soni atigi 50 nafarni tashkil qilardi.