TOShKENT, 21 apr — Sputnik. “Toshkent” xalqaro aeroportida amalga oshirilgan ta’mirlash ishlaridan so‘ng “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va boshqa aviakompaniyalarning biznes-klassda uchuvchi yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan yangi Business Lounge “Uzbekistan airways” kutish zali ishga tushirildi.
Yangi Business Lounge “Uzbekistan airways” loyihasi arxitekturaning eng so‘nggi yutuqlarini o‘zida mujassam etgan. Ko‘rkam kutish zali 160 o‘ringa mo‘ljallangan. Eng muhimi, yo‘lovchilar uchun turli qulayliklar yaratilgan: o‘yingohdan iborat ona va bola xonasi, yuvinish xonasi, tibbiyot punkti va bojsiz savdoni amalga oshiruvchi do‘konni bunga misol keltirish mumkin.
Bundan tashqari, o‘z uchish soatlarini kutayotgan yo‘lovchilar yumshoq mebellarda katta hajmli teleekranlardan, bepul Wi-Fi xizmatidan va muntazam ravishda yangilanib turiladigan matbuot nashrlaridan foydalanishlari mumkin.
Yangi Business Lounge “Uzbekistan airways”da imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun alohida sharoitlar yaratildi. Bu islohotlar O‘zbekistonga tashrif buyuradigan sayyohlar sonining oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.