TOShKENT, 19 apr – Sputnik. O‘zbekiston hukumati 2016-2017 yillarda “Elektron hukumat” infratuzilmasini rivojlantirishga 145 million dollar ajratishni rejalashtirgan, deb xabar berilgan O‘zbekiston respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi rasmiy saytida.
«O‘zbekiston zamonaviy texnologiyalarni jamiyat hayotiga keng tadbiq etish bo‘yicha jarayonni faollashtirdi. Mamlakatimiz qisqa muddat ichida davlat tashkilotlari, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida yangi darajadagi aloqalarni joriy etishga imkon beradigan ishonchli "Elektron hukumat" infratuzilmasini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi, — deya ta’kidladi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Xurshid Mirzohidov.
Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, hukumat 2020-yilgacha bo‘lgan muddatda aloqa infratuzilmalarini rivojlantirish(17 loyiha), shuningdek, “E-hukumat” tizimini yaratish(28 loyiha)ni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturini amalga oshirmoqda. Bu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 145 million dollar ajratilgan.
Shuni qayd etish kerakki, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunning amaliyotga tatbiq qilinishi aholi hamda tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlari sifati va ulardan foydalanish qulayliklarini oshiradi. Binobarin, biznes sohasi, hujjat aylanish mexanizmlari takomillashtiriladi, fuqarolarga uyi yoki ishxonasidan turib, elektron shaklda murojaat qilish, ma’lumotnoma hamda boshqa hujjatlarni olish yoki tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish imkoniyatini beradigan interaktiv xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlaydi.