Toshkentda bojxona xodimlari 70 ming dollarning "uchishiga" chek qo‘yishdi

© Sputnik / Vladimir Sergeyev / Mediabankka o‘tishAQShning 100 dollarlik valyutasi.
AQShning 100 dollarlik valyutasi. - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekistonda yil boshidan buyon bojxona deklaratsiyasiga kiritilmagan valyutalarni 60 marotaba olib chiqishga urinish holatlari qayd etilgan. Yo‘lovchilar valyutani jomadonlar, ichki kiyim yoki qo‘lga olinadigan yuk orasida olib chiqib ketishga uringanlar.

TOShKENT, 15 apr — Sputnik. Natijada, joriy yilning dastlabki choragida Toshkent xalqaro aeroporti orqali bojxonachilar tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 58 ta bojxona qoidabuzarlik holatlarida 212 mln. so‘mdan ortiq ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga chek qo‘yildi, deb xabar qilmoqda Davlat bojxona qo‘mitasi.
Jumladan, Almati shahriga parvozi oldidan qo‘shni davlat fuqarosi A.Sergeyeva (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) bojxona nazorati vaqtida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, cho‘ntagida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 2100 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqishga uringani fosh bo‘lganligi aytilmoqda.

“Toshkent-Minsk” reysi bo‘yicha safarga otlangan poytaxtlik O.Nazarova esa bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, ichki kiyimlari orasiga yashirilgan 2200 AQSh dollarini olib chiqishga uringan paytda to‘xtatib qolingan.

“Omadi” chopmaganlar qatorida navoiylik T.Zafarova xam borligi ta’kidlanmoqda. Poytaxtdan Yekaterinburgga uchish oldidan bojxona ko‘rigi davomida ushbu ayol sumkasidagi 2400 AQSh dollarini yo‘lovchi bojxona bayonnomasidan ataylab “tushirib” qoldirgani aniqlangan.
«Toshkent-Frankfurt» yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketishga shaylanar ekan namanganlik K.Kodirov belgilangan meyordan ortiqcha valyutani cho‘ntagiga solib, bamaylixotir o‘tib keta olaman deb o‘ylagan. Ammo, uning bezovtalanishi bojxonachilarda shubha uyg‘otgan. Natijada, u 2900 AQSh dollari bilan “xayrlashishi”ga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyalik N.Ivanova ham tavakkalning “kattasi”ga qo‘l urgan. Novosibirskka parvozi avvalida ushbu ayolga tegishli sumka bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga noqonuniy tarzda olib chiqish maqsadida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 4200 AQSh dollari yashirilganligi ma’lum bo‘lgan.

Bangkokka otlangan buxorolik J.Olimova esa bojxonachilar qarshisida yer chizib qolgan. Ayol 4910 AQSh dollarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd qilishni “unutib” qo‘ygan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilayotgani xabar qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar tomonidan to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida naqd chet el valyutalari mavjudligi va miqdori ko‘rsatilishi shart. Respublikamizda rezidentlarga 2000 AQSh dollari ekvivalentidagi naqd xorijiy valyutalarni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozma qayd etish sharti bilan erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi. Norezidentlarga esa O‘zbekistonga kirib kelayotganda o‘zi bilan olib kelgan hamda bojxonaga taqdim etilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilgan miqdordagi xorijiy valyutani olib chiqishlariga ruxsat berilgan.

Bundan ortiq miqdordagi naqd valyutalarni olib chiqish uchun esa vakolatli banklar yoki Markaziy bankning o‘rnatilgan tartibdagi ruxsatnomasi talab etiladi.

Yangiliklar lentasi
0