TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Kecha Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan JCh 2018ning uchinchi bosqichidagi o‘yinlar uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabariga asosan.
Uning natijalariga ko‘ra O‘zbekiston “A” guruhidan o‘rin oldi va unga Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Suriya hamda Qatar terma jamoalari qarshilik qiladi.
Marosimda ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida qur’a natijalari va saralashning uchinchi bosqichi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bugun muhim kun edi. Muhimligi, bizning guruhga qanday darajadagi raqiblar tushgani e’tiboridan emas – bu bosqichda osonlik bilan yengish mumkin bo‘lgan raqibning o‘zi bo‘lmaydi – aynan raqiblar nomlarini bilib olish va shu kun, mana shu daqiqadan tayyorgarlikni boshlash, guruhimizdagi jamoalarni o‘rganish jarayoniga kirishish nuqtayi nazaridan kelib chiqib aytapman. Mana endi biz keyingi bosqich tayyorgarligiga to‘laqonli kirishishimiz, raqib jamoalar o‘yinlarini tahlil etishni boshlashimiz, o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazish uchun saralashdagi raqiblarimiz darajasi, o‘yin saviyasiga yaqin jamoalar tanlashimiz mumkin”.
“Shu o‘rinda muxlislarga ham murojaat qilmoqchiman: Biz har bir o‘yinimizda sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizni, madadingizni, ko‘magingizni his qilib turdik. Futbolchilar ham ayniqqsa so‘nggi o‘yinlarda sizlarni baxtiyor qilish uchun bor kuchlarini isha solib harakat qilishdi. Shunday qo‘llab-quvvatlashdan, shunday ko‘makdan keyingi bosqichda ham umid qilib qolamiz. O‘z navbatida biz yigitlar bilan o‘zbek futboli oldida turgan asosiy vazifa – Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bu bizning qo‘limizdan keladi deb o‘ylayman. Buning uchun bizda yetarlicha mahoratli futbolchilar bor. O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan jamoa hech narsaga muhtoj bo‘lmasligi uchun, kerakli barcha sharoitlar yaratib berilyapti”.
“Raqiblarga keladigan bo‘lsak, ularning hech biri bu yergacha tasodifan yetib kelmadi. Guruhda bir-biriga munosib jamoalar yig‘ilgan. Yaqqol favoritlar yoki autsayderlar yo‘q. Hozir har bir o‘yinga hayotimizdagi eng muhim o‘yindek munosabatda bo‘lishimiz kerak. Har bir o‘yin alohida sujet, alohida tarix. Biz uchun eng asosiysi — ayni vaqtda birinchi o‘yinda g‘alaba qozonib olish”, — deydi Samvel Babayan.