Meva-sabzavotlar davlat buyurtmasi asosida xarid qilinadi

© Sputnik / Viktor Chernov / Mediabankka o‘tishMevalar
Mevalar - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ushbu yildan boshlab, O‘zbekistonda ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etiladi.

TOShKENT, 13 apr – Sputnik. 2016-yilgi hosildan boshlab O‘zbekistonda ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etiladi, gazeta.uz xabariga asosan

Bu O‘zbekiston Prezidentining 12-apreldagi qabul qilingan «Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda ko‘zda tutilgan.

Ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan barqaror ta’minlash, ichki iste’mol bozorini qish-bahor mavsumida barqaror ta’minlash maqsadida zaxiraga g‘amlash, shuningdek, tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan ho‘l meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish ushbu mahsulotlarga nisbatan talabdan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Davlat buyurtmasi doirasida mahsulotlarni sanoat asosida qayta ishlash uchun xarid qilish fermer va dehqon xo‘jaliklari va «O‘zbekoziqovqatxolding» tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomalari asosida shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘nak berish orqali amalga oshiriladi.

Qarorda belgilanganki, ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum fermer va dehqon xo‘jaliklaridan kelishilgan, bozor narxlarida xarid qilinadi.

Ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari «O‘zagroeksport» ixtisoslashtirilgan tashqi savdo kompaniyasi tomonidan xorijiy sheriklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan eksport shartnomalari, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida tuziladigan komissiya shartnomalari bo‘yicha eksport qilinadi.

Shu yilning may oyida yetakchi xorijiy ishlab chiqarish kompaniyalari va ularning dilerlari ishtirokida ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar hamda texnologiyalarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Iyun oyida esa Toshkent shahrida 2016-yilgi ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzish uchun Xalqaro meva-sabzavot mahsulotlari yarmarkasi o‘tkaziladi. Bunday yarmarkalarni o‘tkazish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maydon tashkil etilib, uning bazasida har yili oktabrda kelgusi yil uchun eksport shartnomalari tuzishni tashkil qilish maqsadida xorijiy kompaniyalarning faol ishtirokida yarmarka tadbirlari o‘tkaziladi.

Prezident qarori bilan meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni qayta ishlaydigan xususiy mulk shaklidagi korxonalar, idoraviy mansubligidan qat’i nazar, 2019-yilning 1-yanvarigacha zamonaviy uskuna va texnologiyalar olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etildi.

Xuddi shu sanagacha «O‘zbekoziqovqatxolding» tarkibiga kiradigan qayta ishlash korxonalari yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari daromad solig‘i, yuridik shaxslar mulk solig‘i, mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq, davlat maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi.

Tijorat banklariga fermer va dehqon xo‘jaliklariga meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish uchun davlat buyurtmasi bo‘yicha bo‘nak va yakuniy hisob-kitoblar uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan stavkada kredit resurslari ajratish tavsiya etildi.

Yangiliklar lentasi
0