TOShKENT, 8 apr — Sputnik, Yevgeniya Krasilova. Ukraina prezidenti Potr Poroshenko Yaponiyani Ukrainadagi korxonalarni privatizatsiya qilishda ishtirok etishga taklif etdi. Kiyev o‘zida qolgan eng qadrli obyektlarni taklif qilmoqda: Ukraina davlat mulki hisobidagi eng yirik obyeklar, shu jumladan, dengiz portlari va energetika sohasidagi aktivlar sotuvga qo‘yilgan, RIA Novosti.
Aytgancha, bir oy oldin ham Poroshenko shunga o‘xshash taklif bilan chiqqan edi. Faqat o‘tgan gal uning murojaati (Anqaraga qilgan tashrifi chog‘ida) turkiyalik ishbilarmonlarga qaratilgan edi. Ha, Ukraina rahbari Tokiogacha yetib bordi.
Ta’kidlash joizki, Yaponiya – dunyodagi eng yirik sarmoyachilardan biri. Ko‘plab mamlakatlar uning moliyaviy resurslarini jalb qilishdan manfaatdor. Ukraina ham bundan istisno emas, albatta.
Uddaburro promouter sifatida Ukraina rahbari tovarni maqtashga jon-jahd bilan harakat qildi, qiziqib ketib, hatto, biroz bo‘rttirib yubordi ham. Poroshenko yangi hukumat shakllanishi – tez kunda bitadigan ish ekanini, Ukraina islohotlar o‘tkazishga tayyorligini, korrupsiyaga qarshi kurash allaqachon yo‘lga qo‘yilganiyu, investitsiya muhitining yaxshilanishi shunchaki siyosat emas, balki, real ishligini to‘lqinlanib gapirdi.
Poroshenkoning arzimagan narsadan "iqtisod qilishga urinishi" kimningdir ishonchini qozona oldimi? Ukraina prezidentining so‘zlariga qaraganda, natija yaqin ikki oy ichida ayon bo‘ladi. Hozircha esa, sarmoyachilarning soyasi ham ko‘rinmayapti. Umuman olganda, ekspertlar fikriga ko‘ra, Ukraina hozir faqat umidsizlikka tushib qolgan olib-sotarlarnigina jalb qila olishi mumkin.
Nima bo‘lganda ham, Tokio Kiyevga yordam berishga rozi bo‘ldi. Yaponiya hukumati Ukraina uchun 2 milliard dollar ajratishga tayyorligini bildirdi. Albatta, qarzga. Va faqat aniq loyihalar uchun. Va faqat, Kiyev Xalqaro Valyuta Fondi bilan kelishib olsagina. Darhaqiqat, Poroshenko Yaponiyaga qilgan safaridan xursand bo‘lishi mumkin. Axir yevropalik hamkorlardan pul so‘rash tobora qiyinlashib bormoqda. Niderlandiyada o‘tgan referendum ham isbotladi: Yevropa Ukrainadan charchagan. Amerikada ham. Bor najot Osiyodan.