TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on “Turkiya hukumat OAV so‘z erkinligiga qarshi urush olib bormaydi, balki, matbuotning qonunga xilof hatti-harakatlariga qarshi kurashadi”, deya bayonot qildi.
CNN telekanali boshlovchisi Kristina Amanpur Turkiyada oxirgi vaqtlarda mutsaqil OAV xodimlari bilan bog‘liq mojarolarni misol keltirgan holda Erdo‘g‘onga shunday savol bilan murojaat qildi: “Demokrat, islohotchi singari yuksak obro‘ga ega bo‘la turib, nima uchun “so‘z erkinligiga qarshi urush olib bormoqdasiz?”.
"Matbuot bilan urush olib boradigan ahvolda emasman. Keling, matbuotga qarshi urush deganda nima nazarda tutilishini belgilab olaylik. Mening mamlakatimda qonunlar joy-joyida. Agar matbuot vakili yoki gazeta rahbari josuslikka aralashib qolgan bo‘lsa, va davlat sirini butun dunyo bo‘ylab yoyib yurgan bo‘lsa, unda mojaro, o‘z-o‘zidan sudga ko‘chiriladi. Qonunga xilof harakatlar uchun o‘ziga yarasha to‘lov mavjud. Dunyoning istalgan nuqtasida xuddi shunday qilinadi. Turkiyada esa, na men, na hukumat, matbuot erkinligiga to‘siq bo‘ladigan birorta harakatni amalga oshirganimiz yo‘q", — dedi Erdo‘g‘on shanba kuni bergan intervyusida.
Turkiya prezidenti, shuningdek, mamlakatda kasbiy faoliyati tufayli hibsga olingan birorta jurnalist yo‘qligi haqida qo‘shimcha qildi. “Hibsga olinganlar orasida o‘zini “jurnalistman”, deb atayotganlar esa, sudda “Qurdiston Ishchi partiyasi” terrorchilik uyushmasi a’zosi sifatida qatnashmoqda”, dedi u.