TOShKENT, 2 apr — Sputnik, Amangeldi Nurmuradov. 2016-yilning eng go‘zal oti 23-aprel kuni aniqlanishi kutilmoqda. Axalteke zotli tulporlar orasida o‘tkaziladigan xalqaro go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘lgan ot egasi sovg‘a tarzida qimmatbaho avtomobilni qo‘lga kiritadi, deb xabar qilmoqda Turkmaniston mahalliy OAV, RIA Novosti xabari asosida.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov hukumat kengashida tanlov o‘tkazilishi borasida tegishli farmoyishni imzoladi, deyiladi matbuot xabarlarida.
Hujjatga muvofiq, 2016-yilning eng go‘zal axalteke tulpori 23-aprel kuni, “Turkman tulpori kuni” milliy bayrami arafasida o‘tkaziladi. G‘olib taniqli olimlar, chet ellik ekspertlar hamda ot bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislardan iborat hay’at a’zolari tomonidan aniqlanishi ta’kidlab o‘tilgan.
Axalteke zotli tulporlar go‘zallik tanlovi bilan bir qatorda rassomlar, haykaltaroshlar, zargarlar, fotosuratchilar, dizaynerlar va teleoperatorlar tomonidan yaratilgan, Axalteke otlari aks etgan tasviriy san’at asarlari, suratlar, amaliy san’at namunalari hamda teleko‘rsatuvlar namoyishini o‘z ichiga olgan ijodiy asarlar tanlovi o‘tkaziladi.
Mazkur yo‘nalishdagi g‘oliblarga katta miqdordagi pul mukofotlari taqdim etiladi.
“Axalteke go‘zali” egasi esa qimmatbaho avtomobil bilan taqdirlanadi. Misol uchun, 2015-yilning eng go‘zal axaltekin zotli tulpori egasi Turkmaniston prezidenti nomidan “Toyota Land Cruiser Prado” topshirilgan.