TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Buyuk Britaniyaning New World Wealth konsalting kompaniyasi olib borgan kuzatuvlar va izlanishlarga ko‘ra 2015-yilda dunyoda millionerlar faol ko‘chishi kuzatilgan. Ular notinch Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo mamalkatlaridan Avstraliya, AQSh, Kanada va Isroilga ko‘chib o‘tgan.
New World Wealth izlanishlar markazi xabariga ko‘ra, eng ko‘p millionerlar ko‘chib kelganshaharlar quyidagilar: Sidney 4000 kishi, Melburn 3000 kishi, Tel-aviv, Dubay, San – Fransisko, Vankuver shaharlariga 2000 kishidan, Sietl va Pert shaharlariga 1000 kishidan.
Ko‘rinib turibdiki, dunyoning barcha “qaynoq nuqtalaridan” uzoq bo‘lgan Avstraliya millionerlar orasida ommaviylashmoqda. U yerga ko‘chib kelayotgan asosiy aholi bu Xitoy, Yevropa, Buyuk Britaniya AQSh va Janubiy Afrikalik millionerlardir.Tel-Avivga esa asosan Fransiyalik yahudiylar ko‘chmoqda. Dubay Misr, Aljir va Morokkolik musulmon millionerlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
Millionerlar doimo yaxshi ko‘rgan London o‘tgan yili boshqa yirik shaharlardan orqada qoldi. U yerga faqat 500 millioner ko‘chgan xolos. Buning sababini Londonning butun yil davomida notinch bo‘lgan Yevropaga yaqinligi va u yerda arab mamlakatlaridan kelgan migrantlarning ko‘pligi bilan izohlash mumkin.
Eng ko‘p millioner yo‘qotgan shaharlarga nazar solsak ular orasida birinchi o‘rinda Parij, Rim, Chikago va Afina shaharlarini ko‘ramiz. O‘tgan yil davomida Parijdan jami 7000, Rimdan — 5000, Chikagodan – 3000 va Afinadan – 2000 millioner chiqib ketgan. Ularning asosiy qismi AQSh, Kanada va Avstraliyaga yo‘l olgan.
Millionerlar chiqib ketishining asosiy sabablari sifatida quyidagilar keltirilmoqda: Parij – diniy nizolarning kuchayishi, Rim – iqtisodiy imkoniyatlar kamayishi, Chikago – millatlik va jinoyatchilikning kuchayishi, Afina – iqtisodiy tushkunlik va migratsiya inqirozi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, 2015-yilda dunyoning turli nuqtalarida sodir bo‘lgan urushlar, teraktlar, iqtisodiy va migratsiya inqirozlari ko‘pgina mamlakatlardan aholining eng boy qismi chiqib ketishiga sababi bo‘lgan.
Xo‘sh millionerlar va millionlar oqimi qayerga yo‘l olgan?
Birinchi o‘rinda dunyoning bir chetida tinchgina yashayotgan Avstraliyaga – 8000, doimiy iqtisodiy barkamol AQShga – 7000, Kanadaga – 5000, Isroilga – 4000, BAA – 3000, Yangi Zelandiyaga – 2000 millioner yo‘l olgan.
Millionerlar tark etgan mamlakatlar orasida chempion — Fransiya. Bu mamlaktani 10 ming kishi tark etgan, Xitoyni — 9000, Italiyani — 6000, Hindistonni — 4000, Gretsiyani — 3000, Rossiya, Ispaniya va Braziliyani 2000 mingdan millionerlar tark etgan.
Mana sizga Suriyadagi urush, Yevropadagi migrantlar inqirozi va Parijdagi teraktlarning ko‘zga ko‘rinmaydigan, bilvosita oqibati.