TOShKENT, mar – Sputnik. Bugun – 28-mart kuni Toshkent shahri hududidagi yo‘llar ta’minoti mavzusiga oid matbuot anjumanida shahar hokimi Rahmonbek Usmonov yaqin kunlarda Toshkent shahrida tramvaylar harakati butunlay to‘xtatilishini tasdiqladi, kun.uz xabari asosida.
Shahar hokimining so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi mavjud yo‘llarni Yevropa yo‘l standartlariga o‘tkazish, maxsus konsepsiya asosida, 2030 yilgacha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Shuningdek, shahar hokimi xususiy avtomobillar sonining ko‘payishi, qolaversa, bugunga kelib samarasiz bo‘lib qolgan tramvay tarmoqlari sababli yuzaga kelgan muammolar, ularning hal etilish rejasi bilan shahar xaritasi asosida batafsil tushuntirdi.
Yaqin kunlarda Toshkent shahrida tramvay harakati butunlay to‘xtatilib, ularning o‘rniga ayni shu yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobuslar faoliyat boshlaydi.
Masalan, 5-apreldan boshlab, (tramvay harakati to‘xtamagani holda) 13-tramvay yo‘nalishda 13-T avtobusi sinov avtobusi qatnovi boshlanadi. Shu tariqa, yo‘lovchilar yo‘ldagi o‘zgarishlarga astalik bilan ko‘nikkach, tramvay harakati olib tashlanadi.
Shahar hokimi keltirgan ma’lumotlarga asosan, tramvaylardan yiliga 10-11 million yo‘lovchi, bir kunda esa 20-25 ming yo‘lovchi foydalanadi. Avtobuslardan esa kuniga 20-25 ming, yo‘nalishdagi taksilardan 70-80 ming, metrodan kuniga 200 ming yo‘lovchi foydalanadi. Bu sonlardan ham ko‘rinib turibdiki, tramvay eng kam daromadli yo‘l transporti hisoblanadi. Qolaversa, shaharda mavjud 802ta tramvaydan 50tasi zamon talablariga javob bermaydi.