TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Rim Papasi Fransisk katoliklar tomonidan nishonlanadigan Pok payshanba kuni Vaqtinchalik yashash markazida 11 nafar qochqinning oyog‘ini yuvib va o‘pib qo‘ydi, RIA novosti xabariga asosan.
11 nafar qochqinlardan besh nafari katolik, uch nafari musulmon, uch nafari qibtiy va hindu bo‘lgan. Oyoq yuvish marosimida Papaga bir ko‘ngilli yordam bergan. Guvohlar aytishiga ko‘ra, marosim vaqtida qochqinlar ko‘z yoshini tutib tura olmagan.
"Biz har xilmiz, bizda madaniy va diniy farq bor, lekin biz aka-ukamiz va ahil yashamoqchimiz. Har birimizning o‘z hayot yo‘limiz bir, boshdan kechirgan mashaqqatlarimiz bor, lekin har birimizda aka-ukachilikni istaydigan ochiq yurak bor. Har birimiz, o‘z diniy tilimizda, Xudodan ushbu aka-ukachilik butun dunyo bo‘ylab tarqalishini so‘raymiz", — dedi Fransisk o‘z nutqida.
"Boshqalar hatto yaqinlashishni ham istamagan kishilar oldida tiz cho‘kib, ularning oyog‘ini yuvib qo‘yish bilan, Rim Papasi hozirgi murakkab zamonda, barchamiz, bahona qilmasdan, jamiyatning eng zaif qatlamiga e’tiborli bo‘lishimiz kerakligini aytmoqchi bo‘ldi", — dedi arxiyepiskom Rino Fizikella.
Oyoq yuvish marosimi, Injildagi "Sirli kecha" hikoyasiga ko‘ra, Iso Masih samimiy mehr va kamtarlik ramzi sifatida, o‘z shogirdlarining oyog‘ini yuvib qo‘ygani sharafiga o‘tkaziladi.
Bu yil pontifik birinchi marta marosimni Rimdan tashqarida – Italiya poytaxtiga yaqin bo‘lgan Kastelnuovo-di-Porto shaharchasida o‘tkazdi. Bu yerdagi Vaqtincha yashash markazida 26 mamlakatdan 892 qochqin yashamoqda.