Rokfeller fondi neft sohasiga sarmoya kiritishdan voz kechdi

Obuna bo‘lish
Rokfeller fondi, dunyoning yirik ExxonMobil kompaniyasiga sarmoya kiritishdan voz kechdi. Fondning fikriga ko‘ra, ExxonMobil iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatib, jahon hamjamiyatini yanglishtirgan.

TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Amerikaning eng boy sulolasi bo‘lgan Rokfellerlar oilaviy fondi qisqa vaqt ichida o‘z sarmoyalarini uglevodorodlar sohasidan olib chiqishni rejalashtirgan, RIA Novosti xabariga asosan.

Aslida, Rokfellerlar oilasi salkam bir asr davomida ExxonMobil kompaniyasi orqali mo‘maygina pul ishlab topgan. Xususan, AQSh tarixida eng boy kishi bo‘lgan, Djon Rokfeller ko‘p yillar davomida Standard Oil kompaniyasining ta’sischisi bo‘lgan.  Standard Oil keyinchalik ExxonMobilga aylangan.  

Endi bo‘lsa, Rokfeller fondi “ExxonMobil o‘n yillar davomida, iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish orqali, jamiyatga qarshi faoliyat yuritgan. Shuning uchun, bu kompaniyaga va umuman bu sohaga sarmoya kiritish — axloqsizlik bo‘ladi”, — demoqda.   

“Jahon hamjamiyati qazib olinadigan yonilg‘i manbaalarini kamaytirish ustida ishlayotgan bir vaqtda, bu sohada ishlayotgan korxonalarga sarmoya kiritish – ma’naviyatga qarshi ish bo‘ladi”, — deyilgan fond xabarida.

Fond ma’lum qilishicha, ExxonMobil kompaniyasi 1980-yillardan beri iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatib jahon hamjamiyatini ataylab yanglishtirgan.  Fond, ExxonMobil kompaniyasi tarkibidan chiqishdan tashqari, neft va ko‘mir sohasidagi barcha sarmoyalarni chiqarishga farmoyish berdi. Natijada hozirgi kunga kelib fondning sarmoya portfelida uglevodorodlar sohasiga kiritilgan sarmoyalar 1% dan kamini tashkil qildi.

ExxonMobil kompaniyasi, o‘z navbatida OAVga Rokfellerlar oilasining bunday qarori ular uchun yangilik emasligini va Rokfellerlar oilasi bir necha vaqtdan beri kompaniyaga qarshi qaratilgan faoliyat yuritayotganini xabar berdi.

O‘tgan yili Nyu-York shtati prokuraturasi ExxonMobil ustidan tekshiruv o‘tkaza boshladi. Ekologlar ma’lumotiga ko‘ra, ExxonMobil iqlim o‘zgarishi muammosi borligini inkor qiluvchi kampaniyalar uyushtirgan. Bunday kampaniyalar jahon hamjamiyatini doimiy ravishda yanglish xulosalarga olib kelgan. 

ExxonMobil vakilari bo‘lsa bunday ayblovlarni bo‘yniga olmadi va ular faqat o‘nlab yillar davomida iqlim o‘zgarishi muammosini o‘rgangani va ilmiy ish natijasida to‘plangan ma’lumotlarni taqdim etganligini ta’kidlashdi.

Yangiliklar lentasi
0