TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Ayni paytda chegarada vujudga kelgan holatga sabr bilan javob qaytarmog‘imiz va hammasini tinch yo‘l bilan hal qilishga urinmog‘imiz lozim, deb ta’kidladi Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambekov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston.
Prezidentning ta’kidlashiga qaraganda, shu kunlarda chegaradagi holatni notinchlantirishga, provokatsiyalar orqali ikki davlatni bir-biriga qarshi qo‘yishga urinishlar bo‘ldi.
"O‘zbek chegarachilarini provokatsiya qilishga urinishlar bo‘ldi, ammo, hayriyatki, bu ish bermadi. Ba’zi bir kimsalar qo‘shnilar bilan urush qilish orqali hukumat tepasiga kelishga urinyapti", — dedi Qirg‘iziston rahbari.
Atambayevning so‘zlariga qaraganla, Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti(ODKB) u yoki bu tomon tajovuzkorlik hatti-harakatlarini namoyon qilganida harakatga kirishishi mumkin. Hozircha KXShT bilan konsultatsiyalar o‘tkazilmoqda, dedi Qirg‘iziston prezidenti.
"Biz O‘zbekiston tomonga javob qaytara olamiz, ammo sabr-toqatli bo‘lmog‘imiz kerak, hammasini tinch yo‘l bilan hal qilish lozim. Ilgarilari ularda ta’sir ko‘rsatish dastagi bor edi. Misol uchun svetni o‘chirib qo‘yishardi. Endi ularda bunday imkoniyat yo‘q, shu bois, ular provokatsiyaga o‘tib olishdi. Lekin biz hech qachon qo‘shnilar bilan urush qilmaymiz. Biz ular bilan do‘st bo‘lishni xohlaymiz. Shu bilan birga, biz o‘z manfaatlarimizni himoya qilmog‘imiz lozim”, — ta’kidladi Atambayev.