TOShKENT, 23 mar – Spurnik. Taniqli rejisser Zulfiqor Musoqovning yangi filmi Toshkentda bo‘lib o‘tgan premyeradan keyin yana shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, Sputnik muxbiri xabari asosida.
“Xazonrezgi” filmi odamlar orasidagi o‘tkir va og‘riqli mavzularni ko‘taradi. Musoqov ushbu mavzuga yaqin kelib uni film qahramonlarining yorqin obrazlari orqali yoritdi. Rejisser har doim o‘z filmlari ssenariysini o‘zi yozadi va bu ungi o‘zi o‘ylab topgan fikrlarni qoyil maqom qilib ko‘rsatish imkonini beradi.
Film markazida Afg‘on urushi sinovidan o‘tgan qahramon turadi. Uni o‘tmishning dahshatli va qonli xotiralari qiynaydi, lekin u shoshilmasdan, sinchikovlik bilan o‘zining bugungi hayotini analiz qiladi.
Orqada dahshatli Afg‘oniston, keyin tinch hayotda o‘z nomusini himoya qilish tufayli qamoqqa tushib qolishi va ozod bo‘lganidan keyin esa juda chiroyli, lekin baxtsiz ayol bilan uchrashuv. Ustiga- ustak u ayol homilador.
Bosh rolda o‘ynagan Baxtiyor Raximov o‘z qahramoni obrazini juda yorqin va esda qoladigan qilib ijro etgan. Uning qahramoni halol, fikrlovchi va o‘ta vijdonli insondir.
Filmning asosiy voqealari bir oila atrofida bo‘lib o‘tadi. Ularning oilasi yaxshilik va yomonlik hamda turli qiyinchiliklarga duch keladi. Oila boshiga tushgan qiyinchiliklar natijada uni mustahkamlaydi va oxir-oqibat sevgi g‘olib chiqadi.
Film ssenariysi haqiqiy hayotga juda yaqin bo‘lib, uning personajlari jamiyatda uchraydigan millionlab kishilarning taqdirini takrorlaydi, desak adashmaymiz.
Filmga “Xazonrezgi” – deb nom qo‘yish bu avtor metaforasi bo‘lib, u kuz faslini bildiradi. Kuzda barglar to‘kilishini inson umrining bir bo‘lagini yakuni va natijalari haqida mulohaza yuritishga o‘xshatadi.
Rejisserning so‘zlariga qaraganda, uning filmlari qahramonlari har doim oddiy xalq vakillaridir. “Yer shari aholisining 90 % yoki undan ham ko‘pi mening filmlarim personajlariga aylanishi mumkin. Mening fikrimcha aynan shular xalqdir, odamdir”, — deb fikr yuritadi rejisser.
Kinodramaturg Rixsivoy Muhammedjonovning fikriga ko‘ra, Zulfiqor Musoqovning ushbu filmi – so‘zsiz muvaffaqiyatdir. U ko‘pchilikka hayotning eng qiyin chorrahalarida o‘z yo‘lini topishga yordam beradi.
Filmda ajoyib akterlar tarkibi tuzilgan. Bosh rollarda Feruza Saidova, Bobur Yo‘ldoshev, Shaxzoda Matjonova, Munovvar Abdullayeva va boshqalar.
Zulfiqor Musoqov o‘zbek kino san’atida 30-yildan ortiq faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning “Abdullajon”, “Bomba”, “Kichkina tabib”, “Osmondagi bolalar”, “Vatan” va boshqa filmlari O‘zbekistonliklarning sevimli filmiga aylangan.
Rejisser faoliyati ko‘plab xalqaro konkurslar va O‘zbekiston hukumati tomonidan yuksak e’tirof etilgan. Ular orasida Chexoslovakiya va Ukraina Xalqaro kino festivallari "Gran Pri"si, Yaponiya kino festivali "Oltin grifon" mukofoti, Yalta kino festivali Gran Pri va boshqalar bor. 2006-yilda Zulfiqor Musoqov "Mehnat shuhrati" ordeni va "O‘zbekistonda ximat ko‘rsatgan san’at arbobi" unvoniga sazovor bo‘ldi.