TOSHKENT, 22 mar — Sputnik. Hatti-harakatlarni birlashtirish orqaligina terrorchilikka qarshi samarali kurash olib borish mumkin, deb taʼkidladi Rossiya prezidenti Vladimir Putin finlyandiyalik hamkasbi Sauli Niinistyo bilan boʻlgan uchrashuvda. Putin, shuningdek, Finlyandiya prezidenti bilan Bryusselda amalga oshirilgan teraktlarni muhokama qilishini aytib oʻtdi, RIA Novosti xabariga koʻra.
"Biz, avvalo, ikkiyoqlama munosabatlarni muhokama qilish uchun uchrashdik. Shunday boʻlsa-da, hozirda Belgiyada yuz berayotgan hodisalarni inobatga olgan holda, oʻz nutqimni halok boʻlganlar oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirishdan boshlamoqchiman”, — dedi Putin.
"Biz, terrorchilikka qarshi kurash muammolari haqida koʻp muhokama qilganmiz. Terrorchilarga qarshi samarali kurash olib borish uchun, albatta, uyushib harakat qilish lozim. Bugun shu haqda gaplashamiz”, — deb taʼkidladi Rossiya prezidenti.
Bryussel aeroportida seshanba kuni ertalab qatorasiga ikkita portlash sodir etildi. Koʻp vaqt oʻtmay, Bryusseldagi metro stantsiyalarida ham qatorasiga ikkita terakt amalga oshirildi. Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, teraktlar oqibatida 34 kishi halok boʻlgan, 150dan ziyod odamlar ogʻir tan jarohati olganlar.