TOShKENT, 8 mar — Sputnik. Qozog‘iston poytaxti Ostonada Makdonalds tarmog‘iga qarashli birinchi fast-fud restorani ochildi.
Respublikada ochilgan birinchi Makdonalds, poytaxt aholisining katta qiziqishini uyg‘otdi. Fast-fud, ya’ni tez ovqatlanish restorani ochilishi marosimiga 200ga yaqin odam keldi. Ular asosan yoshlar va bolalar.
Restoran 860 kv.m. maydonni egallagan bo‘lib, 206 o‘tirish joyiga ega, uning ochilishiga kiritilgan sarmoya – 3,5 mln dollarni tashkil qildi.
Vikipediya ma’lumotiga ko‘ra, AQShda1940 yillarda paydo bo‘lgan ushbu restoran, hozirgi kunda dunyoning eng ommaviy tez fast-fud tarmog‘iga aylangan. Kompaniya aksiyalar qiymati 64 mlrd dollarni tashkil qilib tarmoqning 32 ming restorani dunyoning 120 mamlkatida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Makdonalds tarmog‘i franshiza tizimida ishlaydi, ya’ni ushbu tarmoqqa kirmoqchi bo‘lgan tadbirkor, jiddiy talablarga javob beradigan restoran binosiga ega bo‘lishdan tashqari, McDonalds brendini ishlatish uchun kompaniyaga 1 mln dollar to‘lashi kerak. Undan tashqari ishlayotgan restoran Makdonaldsning bir necha yuzlab (!) qoidalariga amal qilishi va Makdonalds zavodidan gamburger va chizburgenlar uchun kotletalar va boshqa xom ashyoni sotib olishi shart.
Analitiklarning fikriga ko‘ra, Makdonalds 20-asrning eng muvaffaqiyatli bizneslaridan biriga aylangan. Shu bilan bir vaqtda, oxirgi yillarda bir necha OAVlarda ushbu tarmoqda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari inson sog‘lig‘iga katta zarar yetkizayotgani xaqidagi xabarlar ham tez-tez chop etib kelinmoqda. Xususan, Rossiya hududida 2014-2015 yillar davomida tarmoq restoranlarida bir necha bor sanitariya va gigiyena qoidalari buzilganligi aniqlanib, ular vaqtincha yopib qo‘yilgan edi.
Qozog‘istonda McDonald's ochgan biznesmen bu “Qayrat” futbol klubi egasi Kayrat Boranbayev ekanligi ma’lum. Shanba kuni restoran rasmiy ochilguniga qadar, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ushbu restoranga tashrif buyurib, uning ishi bilan tanishdi.
Hozircha, Qozog‘istondagi fast-fud restorani uchun kerakli mahsulotlar va xom ashyo Makdonaldsning Rossiyadagi zavodidan olib kelinadi. Restoranda, mahalliy mahsulotlardan faqat Coca-Cola ichimligi sotilmoqda. Yil oxirigacha Qozog‘istonda tarmoqning ikkinchi restorani ochilishi ham kutilmoqda. Tadbirkor umumiy hisobda yana 15ta restoran ochishni rejalashtirishgan.