TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Prezidentimiz yurtimiz xotin-qizlarini ayyom bilan tabriklar ekan, ayollarimizning aql-zakovatiga, olijanob fazilatlariga tayanishini, ularni eng yaqin maslahatchi va safdosh, deb bilishini ta’kidlab o‘tdilar.
“Mana shu bayram kunlarida biz – yurtimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o‘g‘lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo‘jizasi bo‘lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta’zim bajo keltiramiz. Jamiyatimiz taraqqiyotini bugungi yuksak bosqichga ko‘tarishda dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan noyob tuzilma – mahalla faollarining, xususan, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlayotgan, ko‘pni ko‘rgan, jonkuyar opa-singillarimizning beqiyos hissasi borligi barchamizni albatta quvontiradi. Elu yurtimiz o‘rtasida sog‘lom muhitni mustahkamlash, xonadonlarda turli ginayu arazlarning oldini olish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zini ayamasdan mehnat qilayotgan ana shunday ming-minglab ayollarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etishni o‘zimning burchim, deb bilaman”, — deb ta’kidlanadi Yurtboshimiz yo‘llagan tabrikda.
Prezidentimiz o‘zbek ayollari eng ustuvor sohalarda yetakchilik qilishayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Jumladan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va ilm-fan sohalarida ayollar — 73 %ni, sog‘liqni saqlash tizimida — 75 %ni, ishlab chiqarish tarmoqlarida — 42%ni, qishloq xo‘jaligida — 43%ni tashkil etishlari aytildi.
Prezidentimiz shu o‘rinda, qizlarga e’tiborli bo‘lish, ularning taqdiri haqida g‘amxo‘rlik qilish oliy maqsadimiz bo‘lishi darkorligiga urg‘u berdi.
"Nega deganda, buning negizida xalqimiz, millatimizning hayoti, kelajagi bilan bog‘liq oddiy va shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli haqiqat mujassam bo‘lib, uni hech qachon unutmasligimizni istardim. Ya’ni, qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo‘lg‘usi onalarni, ham jismoniy, ham ma’naviy sog‘lom avlodni o‘zimizga tasavvur qilamiz, naslimiz davomchilarini ko‘ramiz. Hech shubhasiz, qiz bola sog‘lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo‘lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo‘lmish bola ham sog‘lom va baxtli bo‘ladi. Oila sog‘lom va baxtli bo‘lsa, butun jamiyat barqaror va farovon bo‘ladi", — dedi Islom Karimov.
Shuningdek, 2016-yil “Sog‘lom ona va bola yili” dasturi doirasida jami 7 trillion 483 milliard 300 million so‘m va 194 million 400 ming dollar hajmidagi ishlarni amalga oshirish belgilangani ta’kidlandi. Bu birinchi navbatda, tibbiyot maskanlari, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, akusher-ginekologlar, bolalar shifokorlarining malakasini yuksaltirishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
“Ana shunday o‘tkir masalalarni yechishda men siz, muhtarama ayollarimizga, sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan foydalanib bugun yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman. Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo‘lsin! Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin! Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog‘ida bo‘ling, azizlarim, mehribonlarim!" — dedi o‘z tabrigi yakunida Prezidentimiz.