TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Novosibirsk Davlat universitetining (NDU) tarix olimlari Amir Temur va uning o‘n ikki sarkardasining biografiyasi va jangovor mahoratini chuqur o‘rganib chiqishmoqda.
NDUning gumanitar izlanishlar laboratoriyasida o‘rta asrlar yozma manbaalarini chuqur o‘rganish natijasida buyuk Amir Temurning o‘n ikki sarkardasining biografiyalarini qayta tiklashdi. Bu Amir Temurning mashhur lashkarboshilarini o‘rganishga bag‘ishlangan dunyoda birinchi keng ko‘lamli izlanishdir.
NDU arxeologiya va etnografiya kafedrasi ko‘p yillar davomida Osiyo millatlarining tarixiy merosini chuqur o‘rganmoqda. Ushbu laborotoriya izlanishlari davomida NDU olimlari Amir Temurning jangovor sarkardalik san’atini alohida diqqat bilan o‘rganishdi.
“Tarixning ushbu qatlami mutlaq o‘rganilmagan”, — deydi laboratoriya xodimi, Tarix fanlari doktori Leonid Bobrov.
Amir Temur davlatida harbiy kuchlar asosiy rol o‘ynganinga qaramasdan, uning armiyasi haqida yozilgan tarixiy hujjatlar juda kam. O‘rta Osiyoning ushbu buyuk jahongirining armiyasi qanday qurol-yaqroqqa ega bo‘lgan, qanday harbiy taktika va strategiya qo‘llagan yoki qo‘shinni kimlar boshqarganligi haqidagi ma’lumotlar hozirgacha hech kim tomonidan chuqur o‘rganilmagan va tizimga solinmagan.
Napoleon yoki Chingizxon lashkarboshilarga o‘nlab monografiyalar, yuzlab ilmiy maqolalar bag‘ishlangan bo‘lsa, oxirgi 300-yil davomida Amir Temur lashkarboshilari hech qanday ilmiy ish “qahramonlariga” aylanmagan.
Amir Temur dushmanlarga shafqatsiz bo‘lish bilan birga, u hayratlanarli darajada, harbiy iste’dodga ega bo‘lgan. Yosh bo‘lishiga qaramasdan taxtga o‘tirgan va dunyoning yarmini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Yosh olim Amir Temurni hech qachon “Tamerlan” (Temur lang) deb tilga olmaydi, chunki bu haqoratli nomni unga dushmanlar qo‘ygan.
“Biz Amir Temur lashkarboshilari haqida topish mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotni to‘pladik. Bular XV asr boshida yozilgan ikki “Zafar-noma”kitobi. Ularda Amir Temur harbiy yurishlari barcha tafsilotlari bilan keltirilgan. Undan tashqari, G‘iyosiddin Alining “Amir Temurning Hindistonga yurishi” kitobida Amir Temur lashkarboshilari haqida batafsil biografik ma’lumotlar bor. Amir Temur davlati haqida Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning “Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaliklari” (1405 – 1406-yillar) - shu vaqtgacha dunyo va Yevropa olimlariga yaxshi tanish bo‘lgan yagona asar. Ba’zi matnlar bizning talabimizga binoan fors va arab tilidan boshqatdan tarjima qilindi. Tarjimada turli Yevropa va musulmon davlatlari manbaalardan olingan ma’lumotlardan foydalanilgani tufayli juda qiziq natijalarga erishildi” — dedi tarixchi olim.
Bobrovning so‘zlariga qaraganda Amir Temurning barcha lashkarboshilarini harbiy ustalik bo‘yicha uch guruhga bo‘lish mumkin.
Birinchi guruh “iste’dodli sarkardalar” bo‘lib, tug‘ma harbiy talantga ega bo‘lgan lashkarboshilardir. Ular orsida Xo‘ja Sayfiddin, Jahonshoh Bahodir, Muhammad Sultonshoh, Usmon Bahodir, Shayx Nuriddin bek nomlari bor. Amir Temur ushbu sarkardalarini juda yaxshi ko‘rgan va ular bilan qon-qarindosh bo‘lishga harakat qilgan.
Ikkinchi guruh bu “tayinlangan lashkarboshilar” bo‘lib, ular Temurga yaqin kishilarning o‘g‘illari bo‘lib, ular orasida Sulaymon shoh, Xudaydod, Berdibek degan nomlar bor. Ularning harbiy talanti, bir so‘z bilan aytganda “turli xil” bo‘lgan. Xususan, Amir Temurning kuyovi Sulaymon-shoh boshida harbiy ishga uquvi bo‘lmagan, lekin ko‘p yillik yurishlar davrida tajriba ortirib, keyinchalik munosib sarkardaga aylangan.
Uchinchi guruh sarakardalar bu “Me’rosxo‘r sarkardalar” bo‘lib, ularga Amir Temurning bolalari Umar shayx va Mironshoh hamda uning nabirasi Muhammad sulton bo‘lgan. Ushbu guruh bilan Amir Temurning shaxsan o‘zi shug‘ullangan. Buyuk sarkarda ular oldiga tobora tobora murakkab harbiy masalalar qo‘yib, o‘quvchilarning harbiy mahoratini oshirib borgan. Amir Temurning shaxsiy harbiy talanti va ko‘p yillik jangovor tajribasi o‘z natijasini berdi va uning farzandlari zamondoshlari orasida “qobiliyatli lashkarboshilar” nomiga sazovor bo‘ldi. Temurning nabirasi Muhammad Sulton esa buyuk sarkarda bo‘lib yetishdi.
NDU olimlari tomonidan o‘tkazilgan ushbu izlanishlar natijasida harbiy lashkarboshilarning Amir Temur davlatida tutgan o‘rni haqida ancha ma’lumot to‘plandi. Buyuk lashkarboshilarning har biriga alohida ilmiy maqola bag‘ishlanadi. Ularning birinchisi 2016-yilning may oyida nashr etiladi. Uning nomi “Jang va qurol” bo‘lib, u Sankt-Peterburgda o‘tkazilayotgan qurol-yarog‘ konferensiyasida taqdim etiladi. Ushbu maqolada Jahonshoh Bahodirning hayoti va jangovor yukuqlari haqida hikoya qiladi.
Mening fikrimcha, Jahonshoh Bahodir Amir Temurning eng qobiliyatli larshkarboshisidir. Uni “O‘rta Osiyo Suvorovi” desak arziydi. Jahonshoh Bahodir shiddat va siquvni sovuqqonlik va qaysarlik bilan birga ishlata olgan. Ajoyib taktik va qobiliyatli strateg bo‘lgan, Jahonshoh o‘zining qisqa umri davomida O‘rta Yer dengizidan Irtish darosigacha bo‘lgan hududlarda jang qilgan. XIV asr oxirida sarkardaning Oltin O‘rda qo‘shinlarini tor-mor qilishi Rossiya Davlati shakllanishi uchun katta ijobiy rol o‘ynagan. O‘nlab janglarda g‘olib chiqqan Jahonshoh, siyosiy fitna tufayli o‘zining yaqin do‘sti tomonidan o‘ldiriladi.
“Bizning ushbu ilmiy izlanishlarimiz O‘zbekistonlik va Qozog‘istonlik hamkasabalarimizni qiziqtiradi, deb umid qilamiz. Amir Temurning ba’zi lashkarboshilari hozir O‘zbekiston va Qozog‘istonda yashayotgan urug‘lardan kelib chiqqan”, — dedi tarixchi olim.
“Ushbu ilimiy ish Amir Temurning jangovor mahoratini o‘rganishga qaratilgan birinchi jiddiy, kompleksli tadqiqotdir. Unda buyuk sarkarda armiyasining qurol-yarog‘i, taktikasi, qal’a qurish va himoya san’ati, qamal qilish san’ati birgalikda o‘rganilgan. Lashkarboshilar hayotini o‘rganishga bag‘ishlangan izlanish umumiy ishning bir bo‘lagidir. Ishimizning umumiy natijasi – Amir Temurning jangovor mahoratiga bag‘ishlangan yagona monografiya bo‘ladi. Mening fikrimcha, ushbu ilmiy ish nafaqat tarixchi olimlarga, balki muntazam armiyada xizmat qiluvchi zobitlarga ham qiziq bo‘ladi – deb hisoblaydi tarixchi olim.
Dina Golubeva