TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Afg‘oniston shimolida jangarilar O‘zbekiston hududidan o‘tgan elektr o‘tkazgichlarni ishdan chiqardi. Natijada, mamlakat shimoli yorug‘lik nurisiz qoldi. Qobuldagi butun boshli kvartallar svetsiz huvillab qolmoqda, xabar qiladi RIA Novosti Sputnik Dari xabari asosida.
"De Afganistan Breshna Sherkat" Milliy energetika korporatsiyasi (De Afghanistan Breshna Sherkat) tolibon tomonidan elektr o‘tkazgichlari liniyalaridan biri to‘liq ishdan chiqarilgani haqida xabar qildi. Terrorchilar yana bitta liniyaga hujum qilmoqchiligi ta’kidlanmoqda.
Afg‘oniston Energetika va suv ta’minoti vazirligi matbuot-kotibi Abdulbosid Abdiy Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda ayni paytda besh millionga yaqin kishi – mamlakat aholisining oltidan bir qismi, noma’lum muddatga yorug‘lik nurisiz qolishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.
"Biz nima qila olamiz? Biz ojizmiz! Bu yerda ayb mamlakat infrastrukturasi yetarli darajada xavfsizlik bilan ta’minlanmaganlikda! Modomiki, elektr o‘tkazgichlarning asosiy liniyalari o‘tgan tumanlar xavfsizlik bilan ta’minlanmas ekan, na biz, na "De Afganistan Breshna Sherkat" energetika korporatsiyasi ushbu holatni o‘z kuchimiz bilan to‘g‘rilay olmaymiz", — dedi matbuot-kotib.
U shuningdek, elektr o‘tkazgichlari o‘tgan hudud minalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ta’kidladi. “”Breshna” o‘z ishchilari hayotini hatar ostiga qo‘yib, tolibon tomonidan shikast yetkazilgan liniyalarni sozlagan taqdirda ham, keyinchalik, bu kabi hujumlar yana takrorlanmasligiga kafolat yo‘q”, deya ta’kidladi Abdulbosid Abdiy.
Jamoatchilik tomonidan o‘tkazilgan bosim hamda kelib tushgan minglab shikoyat arizalari tufayli, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi elektro‘tkazgichlar o‘tgan tumanlarni xavfsizlik bilan ta’minlashga tayyorligini ma’lum qildi.
Ammo, tegishli choralar qachon ko‘rilishi haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.