TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda spirtli ichimlik va tamaki mahsulotlari reklama qilinishi oldini olish bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Bu haqda gazeta.uz sayti xabar beradi.
Qo‘mita mutaxassilari bu borada bir qator misollarni keltirib o‘tmoqda. Bir shisha spirtli ichimlikni xarid qilganga ikkinchisi sovg‘a sifatida berilishi, shuningdek, alkogol ichimliklar va tamaki mahsulotlari(kalyan)ni iste’mol qilishga chaqiriqlar shular jumlasidandir.
Bir qator umumiy ovqatlanish korxonalari, spirtli ichimliklarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tashkilotlar nomiga Qo‘mita tomonidan bu turdagi reklama va targ‘ibotlar to‘xtatilgani haqida ogohlantiruvchi maktublar yo‘llandi.
Alohida tashkilotlar ustidan esa jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar qiladi Qo‘mita.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan yilda 560ta reklama to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlari o‘rganib chiqildi. Shulardan 409 holatda qonun buzilishi qayd etilgan bo‘lsa, 200 nafar buzg‘unchilarga nisbatan umumiy 121,2 million so‘m miqdorda jarima belgilandi.