TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Butun dunyoga mashhur Barbi qo‘g‘irchog‘ini ishlab chiqaruvchi Mattel kompaniyasi o‘z kolleksiyasini turli tashqi ko‘rinishga ega qo‘g‘irchoqlar bilan boyitdi. Endilikda xaridorlar o‘z xohishiga ko‘ra, ozg‘in va to‘la, uzun va past bo‘yga ega qo‘g‘irchoqlarni xarid qilishlari mumkin.
Yangi turdagi qo‘g‘irchoqlar Rossiya bozorida erta bahorda sotuvda paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Shuni ta’kidlash joizki, o‘tgan 57-yil davomida Barbi qo‘g‘irchoqlarining hammasi model ko‘rinishiga ega bo‘lib kelgan. Uning soch turmagi, terisi, ko‘zlari rangi o‘zgargan, ammo bichimi o‘sha-o‘shaligicha qolib kelavergan. Shu bois ham, qo‘g‘irchoq yaratuvchilari yosh qizlarda go‘zallik haqida soxta tasavvur uyg‘otayotganlikda ayblanib kelgan.
«Qizaloqlar va ularning ota-onalarida go‘zallik standartlari haqida tasavvurni kengaytirishimiz lozimligini his qildik”, — deydi Barbie brendi vitse-prezidenti Evelin Mazzokko. Ayolning so‘zlariga qaraganda, yangi kolleksiyadagi Barbi qo‘g‘irchoqlari endilikda har bir qizaloqqa aynan o‘ziga o‘xshash qo‘g‘irchoqni topish imkonini hadya etadi.
Qo‘g‘irchoqlar lineykasini boyitilishi kompaniya tomonidan biznesni qutqarib qolishga qilinayotgan harakat bo‘lishi ham mumkin. Chunki oxirgi vaqtlarda raqobatchilar tomonidan chiqarilayotgan sifatli va arzon qo‘g‘irchoqlar tufayli Barbi qo‘g‘irchoqlarining bozori kasod bo‘lmoqda.
Bugungi kunda Barbi qo‘g‘irchoqlari 150 mamlakatda rasman sotiladi.