TOShKENT, 15 yanv — Sputnik. “Qarib dengizi qaroqchilari” filmida barchaga kapitan Ammand roli orqali tanish bo‘lgan gollivudlik aktor — Gassan Massud o‘zbek-rus kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan giyohvandlik tijoratiga qarshi kurash mavzusiga bag‘ishlangan “Baron” filmida suratga tushdi, xabar qiladi "O‘zbekkino".
Film “O‘zbekkino” buyurtmasiga asosan Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida suratga olingan.
"Boks bo‘yicha chempion – Botirning rafiqasi turmush o‘rtog‘ini qamoqdan ozod qilish maqsadida “noto‘g‘ri yo‘l”ni tanlaydi. U oshqozonida giyohvand modda bilan chegarani kesib o‘tishga qaror qiladi va aeroportda halok bo‘ladi. Ayoli uchun qasd olish maqsadida Botir xavfsizlik kuchlari xodimlari yordamida narkodilerlarga birikib, ularning jinoiy kirdikorlarini fosh qiladi", — deyiladi agentlik xabarida.
Filmda amerikalik aktordan tashqari, taniqli rus aktorlari Andrey Smolyakov va Viktor Verjbiskiylar ham ishtirok etgan.