TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. O‘zbekiston respublikasida ko‘chaning piyodalar uchun belgilangan qismini kesib o‘tayotgan, shuningdek, yo‘lning harakat qismida yurib borayotgan fuqarolarga uyali aloqa vositalaridan foydalanish ta’qiqlandi. Bundan sal oldin xuddi shunday qonun avtomobil haydovchilariga nisbatan ham qo‘llanilgan edi, xabar berdi Sputnik muxbiriga O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati havfsizligi Bosh boshqarmasi katta inspektori Mansur Rixsiyev.
Yo‘lning harakat qismidan foydalanyotgan piyodalarga uyali aloqa vositalaridan tashqari, tele- va videomahsulotlarni tomosha qilish ham ta’qiqlandi. Shuningdek, ularga radio tinglash, audiomahsulotlarni tomosha qilish, kitob yoki davriy nashrlarni o‘qish, umuman, kishi diqqatini jamlashga halal beradigan turli elektron vositalardan foydalanish ta’qiqlandi.
Ushbu qonunchilik normalari 2016-yilning 1-martidan boshlab kuchga kiruvchi Yo‘l harakati qoidalarining yangi tahririda ko‘zda tutilgan. Ammo bu degani, qoidani buzgan piyodalar darhol jarimaga tortiladi, degani emas.
Rixsiyevning so‘zlariga qaraganda, o‘zbekiston Respublikasi Kodeksida ushbu qoidabuzarlik uchun ma’muriy jazo belgilanmagan.
"Biz hozirda ekspertlar va qonun chiqaruvchilar bilan hamkorlikda Kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritish ustida ishlayapmiz. Tegishli o‘zgartirishlarni joriy yilning 1-martiga qadar Kodeksga kiritishga ulguramiz, deb umid qilaman", — ta’kidladi u.
Inspektor jarima miqdori qancha bo‘lishi haqidagi savolga javoban “jarima miqdori kelajakda muhokama natijalariga ko‘ra belgilanadi”, deya ta’kidladi.