TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. Eron Saudiya Arabistoni bilan diplomatik munosabatlarga chek qo‘ygani yo‘q, ammo uning sabri tugab bormoqda, deb ta’kidladi Eron TIV bosh vaziri Muhammad Jo‘vod Zarif New York Timesga yo‘llagan maktubida, RIA Novosti xabari asosida.
Shiyachilardan tashkil topgan Eron hamda sunniylar boshqaruvidagi Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi raqobat ancha yillardan buyon davom etib keladi. Saudiya Arabistolnida shia imomi an-Nimrning qatl etilishini Eron keskin qoraladi, mamlakatda bunga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazildi, jumladan, Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasi va Mashhaddagi konsullik binolariga hujumlar uyushtirildi. Bunga javoban Ar-Riyod Eron bilan diplomatik munosabatlarga nuqta qo‘ydi.
"O‘z kuchiga ishonch bilan qaragan Eron Ar-Riyodning hatti-harakatlariga javob qaytarmadi, u Saudiya Arabistoni bilan diplomatik munosabatlarga chek qo‘yish nari tursin, bu munosabatlarni hatto bir pog‘ona pasaytirgani yo‘q. Shu paytgacha biz ularning harakatlariga bosiqlik bilan javob berib keldik, ammo sabr-toqatimiz tugab bormoqda”, — deb ta’kidlaydi Muhammad Jo‘vod Zarif.
TIV rahbari ilk kunlardayoq Eron prezidenti Hasan Ruhoniy bilan birgalikda bir necha bor Ar-Riyodni yuzaga kelgan ziddiyatning oldini olish uchun muloqotga chaqirishganini eslatib o‘tdi. Zarifning aytishicha, Saudiya Arabistoni bu chaqiriqlarni “eshitmaslikka” olgan.
“Saudiya Arabistoni hukumati bugun quyidagi ikki shartning birini tanlashi shart: ular diniy ekstremistlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etib, konfessiyalar o‘rtasida nafrat urug‘ini tobora avj oldiradilar yoki regionda tinchlik o‘rnatishda yetakchi rol o‘ynaydilar”, — deyiladi maktubda.