TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Shia targ‘ibotchisi an-Nimr qatli oqibatida yuzaga kelgan Yaqin Sharqdagi diplomatik inqiroz zamirida neft resurslarini nazorat qilish istagi yotibdi, deb yozadi The Intercept portali sharhlovchisi Djon Shvars, RIA Novosti asosida.
"Yer osti qazilma boyliklarining deyarli barchasi Fors qo‘ltig‘ida, ya’ni shialar egallagan hududda joylashgan. Sunniy musulmonlari ko‘pchilikni tashkil qiluvchi Saudiya Arabistonining eng yirik neft konlari ham shialar yashovchi Sharqiy provinsiyalarda joylashgan”, — deb yozadi Shvars AQSh Harbiy havo kuchlari maxsus operatsiyalar maktabi professori tomonidan tuzilgan xaritani dalil sifatida keltirar ekan.
Saudiya qirolligi oilasi mamlakat shialari alohida ajralib chiqib, ulardan neftning borini tortib olishidan va Eron shialariga borib qo‘shilishlaridan qattiq vahimaga tushib qolgan. Muallifning ta’kidiga qaraganda, saudiyachilarda bu qo‘rquv 2003-yilda AQSh Iroqqa bostirib kirib, Saddam Husayn rejimini to‘ntarganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Chunki, o‘shanda Iroq hukumati tepasiga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan shialar ko‘pchiligi kelgan.
"Saudiyachilar tomonidan amalga oshirilgan Nimr an-Nimr qatli shialar orasida o‘zboshimchalikni ildizi bilan yo‘q qilishga qaratilgan, deyish mumkin. Saudiya Arabistoni 2011-yilgi Bahrayndagi “Arab bahori” inqilobini ham xuddi shunday maqsadlarda bostirgan edi", — hisoblaydi Shvars.
Muallifning yozishicha, Saudiya Arabistonining shia musulmonlariga nisbatan nafrati neft qazilmalari topilmasidan oldin ham mavjud bo‘lgan. Ammo gap “qora oltin”ga borib taqalmaganida shia va sunniy musulmonlari o‘rtasidagi kelishmovchilik bugungi kabi o‘ta o‘tkir tus olmagan bo‘lardi.