Belorussiya do‘konlarida qunduz go‘shti sotuvga qo‘yiladi

Obuna bo‘lish
Qunduz go‘shti mol go‘shtidan ikki hissa foydaliligi ta’kidlanmoqda.

TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. "Belgosoxota" korxonasi mutaxassislari qunduz go‘shtini saqlashga oid texnik shart-sharoitlarni ishlab chiqdilar. Endi ushbu mahsulot Belorussiya do‘konlarida savdoga qo‘yilishi kutilmoqda.

Hozirda Belorussiya nashrlari qunduz go‘shtining foydasi haqida ma’lumotlarni ketma-ket chop etishmoqda. OAVlarda ta’kidlanishicha qunduz go‘shti inson organizmi uchun nihoyatda foydali vitamin va minerallarga boy. “Misol uchun, tarkibida mavjud kalsiy va fosfor tufayli u mol go‘shtidan ustun turadi. Qunduz go‘shti tarkibida temir moddasi boshqa oddiy go‘shtlardagiga nisbatan ikki barobar ko‘p; tarkibida S vitamini mavjudligi esa uni nodir mahsulotga aylantiradi” deb yozadi nashrlardan biri. Aytgancha, tarkibida yog‘ miqdori juda pastligi tufayli qunduz go‘shti parhez taomlar uchun juda mos kelishi aytilmoqda.

Xullas, hozirda Belorussiyada qunduz go‘shti mamlakat brendi darajasigacha olib chiqilishi uchun harakat qilinmoqda. Belorussiyaliklarning fikriga ko‘ra, qunduz go‘shti tufayli mamlakatga keluvchi sayyohlar soni ortishi mumkin. Chet elliklar jonivorlar makonlari, ularning “me’morchilik san’ati” namunalaridan bahramand bo‘libgina qolmay, qunduz go‘shtidan tayyorlangan ajib taomlarni ta’tib ko‘rishlari ham mumkin bo‘ladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Belarussiyada qunduzlar soni 60 mingga yaqin, norasmiy ma’lumotlarda esa bu son 80 ming deb ko‘rsatilmoqda. Olimlar taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, qunduzlar mamlakatdagi barcha suv o‘zanlarini o‘zlariga makon qilib olgan. Jonivorlar tomonidan qurilayotgan to‘g‘onlar hududlarda suv toshqinlari ro‘y berishiga sabab bo‘lmoqda. Bir necha yil muqaddam qunduzlarning bir qismi Litvaga migratsiya qilgan edi. O‘shanda bu holat Litva hukumati tomonidan noroziliklar bildirilishiga sabab bo‘lgan.

Yangiliklar lentasi
0