TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. “Islom Davlati” terrorchilik guruhi 2016-yilda to‘liq yo‘q qilinmaydi, deb hisoblaydi AQSh Prezidentining Milliy xavfsizlik maslahatchisi o‘rinbosari Ben Rods, RIA Novosti CBS News xabariga ko‘ra.
“ID” faoliyati davom etaveradi. Bu yil ham ular yo‘q qilinmaydi", — ta’kidladi Rods Oq Uyda bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida. Rods “ID”ni hozirda kichik ko‘lamda o‘z faoliyatini davom ettirayotgan “Al-Qoida”ga qiyosladi.
Shu bilan bir qatorda, AQSh “ID”ni “xavfsiz hudud”lardan mahrum qilishga umid bog‘lamoqda. “Bu ularni Iroq va Suriyada katta hududlarni nazorat qilishdan cheklaydi”, ta’kidlaydi Rods.
Rods, shuningdek, 2016-yilda Suriya mojarosining “siyosiy yechimi” topilishiga hamda suriyaliklar tez orada “barqaror va osuda kelajak” sari eltuvchi yo‘lni ko‘rishlariga umid bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyida jurnalistlar bilan uchrashuv doirasida Barak Obama AQSh “ID”ga har qachongidanda kuchliroq zarba berayotganini alohida ta’kidlagan. Amerika prezidenti, shuningdek, AQSh “ID”ga barham bera olmasligini ham aytib o‘tgan.