TOShKENT, 30 dek — Sputnik. Yangi yil arafasida 600 mingga yaqin hindistonlik zo‘ravonlar va ayollarni tahqirlagan sobiq mahbuslar politsiyadan o‘zlarini yaxshi tutishi lozimligini eslatuvchi xabar oladilar, RIA-Novosti xabariga ko‘ra.
"Siz va sizning telefoningiz hamon kuzatuv ostida. Hozir to‘g‘ri hatti-harakat qilyapsiz, degan umiddamiz. Sizga baxtli Yangi yil tilaymiz!”, deyilgan Hindiston shimoliy shtati — Uttar-Pradesh politsiyasi xabarida.
"Zo‘ravonlarga yo‘llangan maktubni — politsiya ular haqida to‘liq ma’lumotga egaligi haqida eslatma deyish mumkin. Bundan jinoyat sodir etishdan to‘xtatib turuvchi omil sifatida foydalanmoqda. Biz ularga ayollarga zarar yetkazish uchun qilingan har bir urinish jiddiy choralar ko‘rilishiga olib kelishini uqdirmoqchimiz”, — deydi ayollar ishonch telefoni rahbari politsiya katta ofitseri Navniyet Sekera.
Ofitserning so‘zlariga qaraganda, zug‘um ko‘rayotganligi haqida arz qilgan 500 mingga yaqin hind ayollari ham, shunga zarurat tug‘ilgan taqdirda, politsiya ularga yordamga kelishga tayyorligi haqida ogohlantiriladi.
Jinoyatlarni qayd etish Milliy buro ma’lumotlariga ko‘ra, Hindistonda har kuni 93 nafar ayol jinsiy zo‘ravonlikka duch keladi. O‘rtacha hisobda Hindistonda har 20 daqiqada nomusga tegish jinoyati sodir etiladi. Hindistonda ayollar uchun eng havfli shahar — bu Nyu-Dehli hisoblanadi. 2013-yilda bu yerda 391 marotaba nomusga tegish jinoyati sodir etilgan.