TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Bugun e’lon qilingan Prezident Qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab uyali aloqa kompaniyalarining har bir abonent raqami uchun to‘laydigan to‘lov miqdori ikki barobarga ortadi.
Misol uchun, bugungi kunda uyali aloqa operatorlari bir oyda har bir abonent raqami uchun 750 so‘mdan to‘lashsa, 2016-yilning yanvaridan boshlab, bu to‘lov miqdori 1500 so‘mni tashkil qiladi.
Prezident, shuningdek, kelib tushadigan mablag‘lar mexanizmiga ham tuzatish kiritdi. 2015-yilda mablag‘ning 70% davlat budjetiga, 30% — Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasiga yo‘naltirilgan. Kelgusi yildan boshlab, davlat budjetiga o‘tkaziladigan mablag‘ miqdori 80%ni, Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi oladigan ulush esa 20%ni tashkil qiladi.
Abonent raqami uchun to‘lov O‘zbekistonda 2012-yilning 1-yanvarida joriy qilingan. Bu holat abonent to‘loviga darhol o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Kompaniya joriy qilgan tarifdan kelib chiqqan holda abonent to‘lovi birdan 5-13%ga oshgan edi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda uyali aloqa abonentlari soni 22 milliondan ortdi. Mamlakatda beshta mobil aloqa operatorlari faoliyat yuritmoqda: Rossiyaga qarashli Beeline va UMS (MTS shirkati), Ucell, milliy Uzmobile operatori va Perfectum Mobile o‘zbek kompaniyasi.
Hukumat taxminiga ko‘ra 2020-yilga kelib uyali aloqa abonentlari soni 27 milliondan oshishi kutilmoqda. Bu vaqtga kelib aholining 90% internet bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.