TOSHKENT, 24 dek — Sputnik, Pavel Ivanov
Moskvaga – 179ta, Leningradga – 145ta, sharqiy Berlinga esa – 91ta atom bomba tashlaymiz. Pentagonning Ikkinchi jahon urushidan keyingi rejasi xuddi shunday boʻlgan. Amerikaning fosh qilingan ushbu mahfiy rejasi Internetda chin maʼnoda “portlash” sodir qildi, desak yanglishmaymiz.
Vashington oʻtgan asrning 50-yillarida atom bombasi yordamida, sobiq Ittifoqni yoʻq qilish bilan birga, sharqiy Berlinga zarba berishni rejalashtirgan. Bu xabar germaniyalik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qattiq hayratga solmoqda. Amerikalik strateglarning fikricha, birinchi galda asosiy “dushman oʻchoqlari”ga zarba berilishi lozim edi. Sharqiy Germaniya esa, amerikaliklar nazarida, shubhasiz, ana shunday oʻchoqlardan biri edi. Shu bois, germaniyalik Twitter foydalanuvchilarning bu xabarni eshitgandan keyingi hayrati, koʻproq, bolalarga xos soddalikni eslatadi.
Germaniyada istiqomat qiluvchi yangi avlod vakillari Realpolitik iborasi, ayniqsa, u amerikancha talqinda qanday maʼnoni anglatishini yaxshi anglamaydilar chogʻi. Amerikancha siyosatda – chin soʻz, fuqarolik gʻurur, ahloq qoidalari, ittifoqlik majburiyatlari degan tushunchalarga oʻrin qoldirilmaydi. Bunda davlat maqsadi uchun harakat qilinadi, xolos. Davlat maqsadi esa hamisha ham xalq xohishi bilan mos tushavermaydi.
Ayrim tarixchilar ushbu voqeada oʻrnak olishga loyiq bir jihatga eʼtibor qaratdilar. Maʼlum boʻlishicha, amerikaliklar oʻz mashʼum rejasini birgina sabab tufayli amalga oshirishmagan. Ularni bu xunrezlikdan qaytargan narsa – aql-idrok yoki ahloq qoidalari boʻlgani yoʻq. Amerikaliklar shunchaki, millionlab qurbonlar dahshatli yuqumli kasalliklar tarqalishiga sabab boʻlishi va bu holat gʻarbga ham oʻz salbiy taʼsirini oʻtkazishidan qoʻrqishgan.