TOShKENT, 23 dek – Sputnik. So‘nggi paytlarda Rossiya bir yo‘la bir nechta yo‘nalishlarda samarali harakat qilmoqda. U inqirozning oldini olish bilan bir qatorda, Xitoy bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga harakat qilyapti. Moskva va Pekin munosabatlari kuchayishi Vashingtonga juda katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin, deb yozadi AQSh milliy xavfsizlik sohasi vakillari Mishel Shevan-Koetsi va Eksel Xellman The National Interest maqolasida.
Rossiya Xitoy bilan o‘ta yaqin harbiy, iqtisodiy va energetik aloqalarni o‘rnatmoqda. Buni o‘zaro manfaatli hamkorlik deb atash mumkin. Moskva bu bilan o‘ziga alternativ eksport bozori hamda qo‘shimcha siyosiy ta’sir hududini yaratmoqda. Xitoyda esa dunyoda yangicha tartib o‘rnatilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan AQShga munosib zarba berish imkoni paydo bo‘lyapti, ta’kidlaydi maqola mualliflari.
Xavfsizlik nuqtayi-nazaridan AQShga Osiyo-Tinch okeani regionlaridan tahdid solinmoqda. Jumladan, Rossiya Xitoy armiyasini zamonaviylashtirishda muhim rol o‘ynamoqda. U Xitoyga eng so‘nggi raketa va radar moslamalarini yetkazib berapti.
O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasida S-400 radiusida ta’sir kuchiga ega zenit-raketa-kompleksi borasida shartnoma imzolandi. Bu ikki mamlakat munosabatida yuqori bosqich deyish mumkin. Sababi, Rossiyadan bunday texnikani xarid qilayotgan birinchi chet el davlati Xitoy bo‘ldi.
Bundan tashqari, ikki davlat o‘rtasida munosabatlar mustahkamlanishi AQShning iqtisodiy va moliyaviy sohalarda o‘z so‘zini o‘tkazishiga nuqta qo‘yishi mumkin. Xitoy-Rossiya hamkorligi Rossiyaga qarshi e’lon qilingan sanksiyalarning salbiy oqibatini ancha yumshatishi turgan gap.
O‘tgan yil Moskva va Pekin o‘rtasida 24,5 milliard dollarlik qisqa muddatli valyuta oldi-sotdi operatsiyasi shartnomasi imzolandi. Bu bir tomondan Rossiyaning dollarga tobeligi darajasini pasaytirsa, boshqa tomondan valyuta bozoriga yuan kiritilishini ta’minladi.
AQSh bilan munosabatlar ziddiylashgani bois, Rossiyaning aksariyat firmalari Pekin bilan aloqalarni mustahkamlaydilar. Bu esa AQSh va uning ittifoqdoshlari qo‘lidagi boshqaruv dastagini ishdan chiqaradi. Moliyaviy munosabatlar barqarorlashuvi tufayli AQSh dunyo ko‘z o‘ngida nobop o‘yinchi sifatida namoyon bo‘lishi ehtimolga yaqin.
"Rossiya-Xitoy kelishuvi AQShga to‘g‘ridan to‘g‘ri chaqiriq tashlash degani. Amerika endi bu ikki mamlakatni diqqat bilan kuzatishga majbur. U vaziyatni o‘zgartirishga urinishga harakat qilmog‘i lozim”, — o‘z fikrini bayon qilmoqda maqola mualliflari.