TOShKENT, 23 dek – Sputnik. UNCITRAL Xalqaro arbitraj tribunali Britaniyaga qarashli Oxus Gold kompaniyasining O‘zbekistondagi tog‘-konchilik loyihalari bo‘yicha da’vosini rad etdi, deyiladi kompaniya xabarnomasida.
"2011 yilning yanvarida O‘zbekiston hukumati Oxus Gold kompaniyasi va O‘zbekiston o‘rtasida 50/50 hissalik asosida tuzilgan "Omontoy Goldfildz" qo‘shma korxonasini tugatish qarorini qabul qildi. Bunga oltin ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida tuzilgan dasturlar kam samara berayotgani sabab qilib ko‘rsatildi.
O‘z navbatida, Oxus Gold, 2011-yilning avgustida qo‘shma korxonani tugatish rejasi hamda hukumatning 2006-yilda "Xondiza" ko‘p metalli konidagi qazilmalarga uning eksklyuziv egalik qilish huquqidan mahrum qilish qarori ustidan Halqaro arbitraj sudiga shikoyat qildi. Ushbu kon 2006-yildayoq "Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati" AJga topshirilgan edi. Oxus Gold kompaniyasi O‘zbekiston tomonidan yetkazilgan umumiy zarar — 400 million AQSh dollar, deb baholadi.
21 dekabr kuni xolis sud Oxus Goldning "Xondiza" loyihasi bo‘yicha da’vosini to‘liq rad qildi, xalqaro sud, shuningdek, Britaniya kompaniyasining "Omontoytov Goldfildz" qo‘shma korxonasi bo‘yicha da’vosini ham rad etdi.
Shu bilan birga, Xalqaro sud O‘zbekiston hukumatiga Britaniya kompaniyasiga 10,3 million dollar, shuningdek, 2004-2010 yillar uchun foizlarni ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi kelishuvning buzilishi munosabati bilan badal puli sifatida to‘lashni yukladi, xabar qiladi Oxus Gold.
Oxus xabar berishicha, Britaniya kompaniyasi O‘zbekistonga qarshi yangi da’vo arizalarini tayyorlamoqda. Kompaniya vakillari tez kunda Parij arbitraj sudiga murojaat etish niyatida.
"Omontoy Goldfildz" qo‘shma korxonasi 2003-yilda markaziy Qizilqumdagi tog‘-konida umumiy qiymati 31 million dollarga baholangan oltin ajratib oladigan korxonani ishga tushirgan.
Korxonaning loyihaviy quvvati oksidlangan rudalarni qayta ishlash bo‘yicha yiliga 1 mln tonnani, oltin ishlab chiqarish bo‘yicha yiliga 6,3 tonnani tashkil qilgan. Uning aksiyadorlari Oxus Gold (50 %), O‘zbekiston geologiya va mineral resurslar bo‘yicha davlat qo‘mitasi (40%) hamda Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati (10%) edi. 2013-yil fevralida Navoiy viloyat xo‘jalik sudi qo‘shma korxonani bankrot deb topdi, uning aktivlari Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati balansiga o‘tkazildi.