TOShKENT, 18 dek — Sputnik. Rossiya Bosh prokuraturasi qarori bilan terrorchilik uyushmalariga homiylik qilganlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Shahobiddin O‘rinov jinoiy javobgarlikka tortilish uchun o‘z vataniga topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, ushbu turdagi jinoyat uchun 8-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.
Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘rinov 2009-yilda O‘zbekiston Respublikasida “Tablig‘chilar” diniy-ekstremistik oqimiga qo‘shilganlikda, 2012-yilda “Turkiston Islom partiyasi”(faoliyati Rossiya hududida ta’qiqlangan) terrorchilik uyushmasiga a’zo bo‘lganlikda ayblanmoqda.
O‘rinov Moskvada bo‘lgan vaqtida, 2012-yilning oktabr oyiga qadar, Afg‘oniston va Pokiston hududida yashirin faoliyat ko‘rsatadigan “Turkiston Islom partiyasi” uchun odam yollagan. Shuningdek, ushbu partiya faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, mablag‘ to‘plash bilan shug‘ullangan. Rossiya Bosh prokuraturasi terrorchilik uyushmalariga homiylik qilganlikda ayblanayotgan Shahobiddin O‘rinovni O‘zbekistonga topshirish qarorini qabul qildi.
Appelyatsiya arzlarida O‘rinov va uning himoyachisi chiqarilgan ajrimdan norozi ekanliklarini bildirib, birinchi instansiya sudida xatoga yo‘l qo‘yilganligi, jinoiy-protsessual kodeksga amal qilinmaganligi haqida ta’kidladilar. Ammo O‘rinov va uning himoyachisi keltirgan dalillar inobatga olinmadi. Qaror qonuniy kuchga kirdi.