TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Rossiya Jamoatchilik palatasi va MDH ishtirokchi-mamlakatlari terrorchilikka qarshi kurashish markazi hamkorligida “IShIDning qo‘rqinchli ertagi” broshurasi chop etildi. Unda ID o‘zi nima, jinoiy guruh fuqarolarni qay tarzda yollashi, terrorchilarga qarshi qanday choralar ko‘rish mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berilgan.
Hajmi jihatdan unchalik katta bo‘lmagan to‘plam oddiy tilda yozilgan. Broshura terrorchilar safiga adashib qo‘shilib qolgan yosh yigit-qizlarning ota-onasi va qarindoshlari uchun maxsus chop etilgan.
To‘plamning birinchi bo‘limi — "Tanishing.IShID", — deb nomlanib, unda yollovchilar aynan nimaga bosim o‘tkazishi haqida gapiriladi. “Ruhiy qoniqmaslik, moslashish muammosi, moddiy qiyinchiliklar, tushunmovchiliklar, katta yoshdagilar bilan ziddiyatlar — bularning barchasi yollovchilar eng birinchi e’tibor qiladigan jihatlardir. Qolaversa, ular yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini, undagi fotosuratlarni, yoshlar o‘z statuslarida nimalar haqida yozishini diqqat bilan o‘rganadilar. Xullas, “nishonga olish” shu tariqa kechadi", — tushuntiradi Rossiya jamoatchilik palatasi a’zosi Yelena Sutormina.
Ayolning so‘zlariga qaraganda, shundan so‘ng yollovchi “nishonga tushgan obyekt” bilan yozishishga kirishadi. Ora-chorada da’vat qiluvchi roliklarni yuborib turadi. Shu tariqa, — deydi ekspert, — yosh qiz yoki yigit terrorchilar ta’siriga tushadi.
"Broshurada ID aslida — qoidalari beshafqat tijorat ekanligi fosh qilingan. Jangarilar inson resursiga muhtoj. Ma’lum mutaxassislar, yosh olimlar, kimogarlar, neft sohasidagi professionallar va sport o‘quv dargohlari vakillari ularga suv va havodek zarur”.
"Sizni professionallar uyushmasi yollamoqda". Broshuraning shunday nom olgan bo‘limida ID o‘z safiga yangi kadr, ya’ni “kerakli material”ni qay tariqa jalb qilishi yoritilgan. “Jamoatchilik befarqligidan” charchagan shaxsni yollovchilar e’tiborga ko‘madilar, adolatsizlikka qarshi kurashish istagi uchun uni, albatta, maqtaydilar va islomga qo‘shilishni maslahat beradilar.
Broshura so‘nggida, kattalar uchun maslahatlar berilgan. Unda farzandlar fe’l-atvoridagi qanday o‘zgarishlar ota-onalarni hushor qilishi kerakligi haqida yozilgan.
"Farzandingiz yonida shunday “murabbiy”lar paydo bo‘lganini sezsangiz, darhol chora ko‘ring. Farzandingizning o‘zini tutishida, tashqi ko‘rinishida favqulodda o‘zgarishlar ro‘y bersa, asabiy bo‘lib qolgan bo‘lsa, islomga qiziqa boshlasa, vaqtni boy bermang", — deb maslahat beriladi kitobla.
Mutaxassislarning fikricha, broshura — "ID" uchun odam yollovchilariga qarshi kurashning birinchi, ammo muhim bosqichidir.
Kitob rus tilida chop etilgan. Broshurani to‘liq hajmda Rossiya jamoatchilik palatasi yoki MDH ishtirokchi-mamlakatlari terrorchilikka qarshi markazi elektron saytlarida o‘qishingiz mumkin.
Sutorminaning gaplariga qaraganda, Jamoatchilik palatasi tez kunlarda ushbu kitob Oliy o‘quv dargohlari hamda maktablarda tarqatilishini so‘rab, mamlakat Ta’lim vazirligiga murojaat qilmoqchi. Broshura hamdo‘stlik mamlakatlaridagi oliy dargohlarda tarqatilishi uchun MDH davlatlari Xavfsizlik xizmatlariga yuborilgan.