TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Federal Xavfsizlik xizmati (FXX) mutaxassislari oktabr oxirida Sinayda halokatga uchragan Rossiyaning A321 samolyoti qanday moslama yordamida portlatilganini e’lon qildi, RIA Novosti, "Kommersant" xabari asosida.
Nashr xabar berishicha, Rossiya FXX mutaxassislari yo‘lovchilar shaxsiy buyumlarini va samolyot bo‘laklarini diqqat bilan ko‘zdan kechirib, kerakli analizlar o‘tkazganidan keyin u yerda portlovchi modda izlari topilganini ma’lum qilishgan.
“Olib kelingan namunalarni o‘rganib chiqish natijasida, A321 samolyoti kichik quvvatga ega bo‘lgan portlovchi moslama yordamida portlatilgani aniqlandi. Ushbu moslama chet elda ishlab chiqarilgan, plastitga o‘xshash portlovchi moddadan iborat bo‘lgan”, — deyilgan xabarda.
Mutaxassilar, faraziga ko‘ra, portlovchi modda, salonning o‘ng tomonidan oxirgi qator o‘rindiqlarning biri ostiga o‘rnatilgan bo‘lgan. Portlash samolyot balandlikka ko‘tarilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan va uning oqibatida A321 korpusida diametri 1 metrli teshik paydo bo‘lgan. Oqibatda, samolyot germetikligi buzilgan va bu uning parchalanib ketishiga olib kelgan.
Kecha, 14-dekabr kuni aviahalokat sabalarini o‘rganuvchi Misr komissiyasi, samolyot terakt oqibatida halokatga uchraganini isbotlovchi dalillarni haligacha olinmaganini xabar qildi.
Hozirgi paytda, fojea sodir bo‘lgan joyda, samolyot bo‘laklarining 3D modeli suratga olinmoqda. Ushbu jarayon tugaganidan keyin samolyot qoldiqlari Qohiraga olib kelinadi va barcha qiziqqan tomonlar: sug‘urta kompaniyalari, texnik komissiya, prokuratura va boshqalar u bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Rossiya va sobiq Ittifoq tarixida eng katta aviatsiya halokati 2015-yilning 31-oktabr kuni Misrning Sinay yarim oroli ustida sodir bo‘ldi. Rossiyaning “Kogalimavia” kompaniyasiga tegishli A321 samolyoti halokatga uchradi, 224 qurbon bo‘ldi. Keyinroq, Rossiya FXX rahbari Aleksandr Bortnikov ushbu fojea terakt oqibatida sodir bo‘lganini xabar berdi.