O‘zbekistonda VICh virusini yuqtirganlar soni qancha?

© Sputnik / Said Sarnayev / Mediabankka o‘tishLaborant VICh analizini o‘tkazmoqda
Laborant VICh analizini o‘tkazmoqda - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
OITV (VICh) - "Odam Immunitet Tanqisligi Virusi" ma’nosini bildiradi. VICh odam organizmiga tushgan zahoti uni “yemirishni” boshlaydi. VICh - SPID kasalligiga olib keladigan virus.

TOShKENT, 11 dek — Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2015-yilning 1-oktabr holatida,  31 million aholi soni qayd etilgan mamlakatda OIV(VICh) infeksiyasini yuqtirgan kishilar soni 32 546 nafarni tashkil qilmoqda.

“Bu ko‘rsatkich ko‘pmi yoki oz? Ushbu savolga javob olish maqsadida  Toshkent shahridagi Respublika OITSga qarshi kurash markaziga murojaat qildik.

Markaz xodimi Sputnik-O‘zbekiston muxbiriga bugungi kunda O‘zbekistonda VICh-infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani haqida batafsil so‘zlab berdi.  

OITV (VICh) — "Orttirilgan Immunitet Tanqisligi Virusi" ma’nosini bildiradi. VICh odam organizmiga tushgan zahoti uni “yemirishni” boshlaydi. VICh OITSkasalligiga olib keladigan virusdir.  OITSga chalingan odam organizmi o‘zini infeksiyalardan himoya qila olmaydi, oqibatda u ko‘plab kasalliklarga moyil bo‘lib qoladi, va nihoyat, bu kasalliklar kishini hayotdan ko‘z yumishiga olib keladi.

O‘zbekistonda VICh virusini yuqtirganlar soni qancha?

O‘zbekistonda, VICh virusini yuqtirgan kishilarning soni butun aholi soniga nisbatan 0,2 %ni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichni boshqa davlatlar bilan qiyoslaganda, katta deb, hisoblamayman. Misol uchun Yevropaning rivojlangan davlatlarida bu ko‘rsatkich — 2 %ni tashkil qiladi. Uzoqqa bormaylik, Ukrainani oladigan bo‘lsak, u yerda 1 %ni tashkil qiladi, ya’ni har yuz ming aholidan 250 nafari(ya’ni 500 mingga yaqin kishi) VIChga chalingan. Rossiyada bu ko‘rsatkich – 0,64 %ni tashkil qiladi, ya’ni 100 ming aholi soniga 444 kishi. O‘zbekistonda VICh-virusiga chalinganlar soni boshqa davlatlarga qiyoslaganda, o‘n barobar kam, deb aytish mumkin.

VICh virusini yuqtirganlar asosan kimlar?

VICh virusi qayd etilgan bemorlar orasida, asosan jinsiy yo‘l orqali yuqtirganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Keyingi yillarda, kasallik, chetga borib kelayotganlar, asosan yigitlar orasida, nisbatan ko‘paygani, rost.  Shu, bois hukumatimiz tomonidan yuqumli kasalliklar borasida alohida dasturlar qabul qilinib, chetga chiqib kelayotganlar orasida bu kabi kasalliklarning oldini olish borasida tadbirlar amalga oshirilmoqda.

VICh-virusi uni yuqtirgan odamda qanday namoyon bo‘ladi?

Odam o‘rtacha 5-8 yil davomida, ba’zida undan ham uzoqroq muddat, o‘zining kasallikka chalinganidan bexabar yurishi mumkin. Ba’zilarda bir yil ichida bilinadi. Hammasi, kasallikni yuqtirib olgan odamning immunitetiga bog‘liq. Agar inson VIChni yuqtirgan vaqtda immuniteti darajasi pastroq bo‘lsa, virus qonga tushgandan keyin qisqa muddatda o‘zini bildiradi. Inson sog‘lom turmush tadbirlariga amal qilsa, kasallik rivojlanish muddati uzoqlashadi. Shu bois, hozirgi kunda fuqarolarning VIChga testdan o‘tish tadbiri mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Yiliga 3-3,5 million fuqaro VIChga tekshiruvdan o‘tadi.

Fuqarolar ushbu Markazga o‘z xohishi asosida murojaat qilmoqdami?

Ta’kidlab o‘taman, bunday tekshiruvlar, qonunlarimizda belgilab qo‘yilganidek, ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi.  Qolaversa, mamlakatimizda yangi oila barpo etilayotgan vaqtda, har ikkala tomon ham ma’lum kasalliklar bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tadi. Bu kasalliklar ro‘yxatida OITS va VICh ham bor. Bundan tashqari, qon donorlari majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Deylik, kimningdir turmush o‘rtog‘ida kasallik aniqlandi, demak juftlikning ikkinchi a’zosi ham, albatta, tekshiruvdan o‘tishi kerak.

Prezident Islom Karimov tomonidan 2016-yil “Sog‘lom ona va bola” yili deb e’lon qilindi. Nima deb o‘ylaysiz, VICh-virusini yuqtirgan ayoldan sog‘lom bola dunyoga kelishi mumkinmi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga asosan, biz o‘zimizda mahalliy hujjatlarimizni ishlab chiqarganmiz. Homilador ayollarning hammasi tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. VICh-virusini aniqlash homilaning 14-16 haftaligida amalga oshiriladi. Agar infeksiya mavjudligi aniqlansa,  ushbu virusga qarshi profilaktika ishlari olib boriladi. Homilador ayol maxsus dorilarni ichadi. VICh-virusini yuqtirgan ayolga bolani emizish ta’qiqlanadi. Mana shu qoidalarga amal qilinsa, bola 99 % holatlarda sog‘lom dunyoga kelishiga erishiladi. Yaqin bir-ikki yilda bu virusning onadan bolaga o‘tishiga butunlay barham berishni rejalashtirganmiz. Bunga erishamiz, deb umid qilamiz.

Hozirda VICh-virusiga test topshirayotganlar, testdan oldin va keyin vrach maslahatidan o‘tmoqda. Bu nima degani va u qanday amalga oshiriladi?

Biz o‘zbeklarda so‘z boshi “assalom”dan boshlangani kabi, VICh va OITSga qarshi kurash tadbirlari aynan maslahatdan boshlanadi. Testdan oldingi maslahatda testdan o‘tuvchiga buning qanday foydasi borligi, VICh o‘zi nima va u qanday yuqishi mumkinligi haqida ma’lumot beriladi.

Kishi roziligi bilan qon namunasi olib, tekshiriladi. Test natijasi xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin, testdan keyingi vrach konsultatsiyasi, albatta, amalga oshiriladi. Test natijasi salbiy bo‘lganda, ya’ni VICh aniqlanmaganda, natija 100 % kafolatli bo‘lishi uchun yana bir marta test takrorlanadi.  

Test natijasi ijobiy bo‘lganda, shaxsga kelgusida sog‘lom hayot tarzini qanday davom ettirish tibbiyot xodimi bilan kelishib olinadi. U Markazimizdagi OITSga qarshi kurashish kabinetida doimiy ro‘yxatda turib, bepul dori-darmon va tibbiy yordam olish huquqiga ega ekanligi tushuntiriladi. Har olti oyda immunitet darajasi o‘rganilib, agar zarurat bo‘lsa, virusga qarshi maxsus terapiyani boshlanadi. Va shu bilan bir vaqtda, shaxs bila turib kasallikni boshqalarga yuqtirish, jinoiy ish ekanligi haqida ogohlantiriladi.

Yoshlarga nima deb maslahat bergan bo‘lardingiz?

Bunday kasalliklarga qarshi, biz o‘zbeklarda tug‘ma immunitet bor desam, ham bo‘ladi. Ma’naviyatimizga amal qilsak, bu kabi kasallikdan himoyalangan bo‘lamiz. Yoshlarga, turmush o‘rtog‘iga vafodor bo‘lishni, giyohvandlik va shunga o‘xshash illatlardan uzoqroq yurishni, umuman, sog‘lom turmush tarziga amal qilishni maslahat beraman. Mana shunda, bu kasallikdan biz o‘zimizni ham, yaqinlarimizni ham saqlagan bo‘lamiz. Batafsil ma’lumotni saytimizdan olishingiz mumkin.  

Suhbat uchun rahmat.

Butunjahon Sog‘liqni saqlash ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilning oxiriga kelib  dunyo bo‘yicha VICh virusini yuqtirganlar soni 36,9 millionni tashkil qilgan. Bu yil yana 2 million kishi ushbu virusni o‘ziga yuqtirgan, 1,2 million kishi VICh bilan bog‘liq kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

 

Yangiliklar lentasi
0