Bortiga 786 tonna yoqilg‘i ortilgan "Nadejda" tankeri Saxalindagi Nevelsk porti akvatoriyasida sayoz joyda tiqilib qoldi. Tanker suv osti qoyasiga urilishi natijasida uning osti teshilgan va neft dengizga oqib chiqqib qirg‘og‘iqqacha yetib bordi.
Ayni paytda, qirg‘oqni neft va mazutdan tozalash ishlari olib borilmoqda. Ammo jalb qilingan ishchi kuchi yetarli emas. Tankerning o‘zi, odamlar yashaydigan qirg‘oqqa 150 metr yaqinlikda turibdi.
Ko‘ngilli ishchilar yordamida ekologlar 100 ga yaqin bering baklanlarini topishga muvaffaq bo‘ldilar. Qushlar butkul mazutga burkangan edi.Ko‘pgina tashkilotlar tashabbusi bilan “qushlarni qutqarish operatsiya”si boshlab yuborildi.
Ko‘ngilli ishchilar baklanlarni karton qutilarga joylab, vertolot yordamida maxsus markazlarga yetkazib berishmoqda. Markaz mutaxassislari qushlarni glyukoza qo‘shilgan suv bilan boqib, ularni maxsus xonalarga joylatirmoqdalar. Xonalarda qushlar uchun qulay temperatura saqlanmoqda.
Ko‘ngilli ishchilar ta’kidiga ko‘ra, jabr ko‘rgan qushlar soni tobora ortib bormoqda. Hozirga qadar 60 ga yaqin baklanlar maxsus yordam markazlariga yuborilgan.