TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Tiklanadigan energiya manbalaridan (TEM) foydalanuvchilar ortiqcha quvvatni davlatga sotish imkoniga ega bo‘ladilar, O‘zbekiston hukumatining yangi qaroriga ko‘ra.
“Energiyadan samarali foydalanish” haqidagi qonunga asosan O‘zbekistonda "Tiklanadigan energiya manbalariga" quyosh energiyasi, shamol energiyasi va suv tabiy oqimi energiyasi texnologiyalari kiradi.
“Bunday huquqdan foydalanish uchun mijozlar ma’lum texnik shartlarga muvofiq respublikaning yagona elektr tarmoqlariga maxsus uskuna orqali ulanishi kerak”, — deyilgan qonunda.
Qarorga ko‘ra, ortiqcha elektr quvvati sotuvchilari bilan hisob kitob, davlat elektr ta’minoti korxonalarining iste’molchilar uchun belgilangan narxida amalga oshiriladi. Elektr quvvatining yillik hajmi “O‘zbekenergo” bilan tuziladigan shartnomaga asosan belgilanadi.
Oldinroq O‘zbekiston “kam uglerodli”, ya’ni neft, gaz va ko‘mirsiz rivojlanish strategiyasini tadbiq qilishi haqida e’lon qilgandi. Unga ko‘ra respublikada 2030-yilgacha quyosh energetikasi quvvatini 2GVtga yetkizish, gidroenergetika quvvati 938 MVt, biogaz qurilmalari 465 MVt va shamol energetikasi 40 Mvtga yetkizish rejalari tuzilgan.